Mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining shakllanishida muhim o‘rin tutuvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, tovarlar eksporti va importini amalga oshirishda ularga amaliy ko‘mak berish, xususan, bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan shaklida taqdim etilayotgan imtiyoz va qulayliklar haqida tanishtirish maqsadida bojxona organlari tomonidan joylarda uchrashuvlar va o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda.
Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi mas’ul xodimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida hududda faoliyat yurituvchi eksportyor va importyorlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda “Tovarlarni tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha tasniflash yuzasidan dastlabki qarorni qabul qilish tartibi”ga oid ko‘rsatmalar haqida fikr yuritildi.
Shuningdek, bojxona organlari tomonidan taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan tovar kodi bo‘yicha dastlabki qaror va uning afzalliklari haqida tushuncha berildi. Endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona organlarining rasmiy veb-sayti yoki “Bojxona organlari yagona darcha xizmatlari” orqali murojaat etib, tovarlarning TIFTN kodi bo‘yicha dastlabki qarorni masofadan turib olish imkoni yaratilganligi va bu imkoniyatdan barcha turdagi tadbirkorlik sub’ektlari foydalanishi mumkinligi qayd etildi.
Shundan keyin Markaziy bojxona laboratoriyasi mas’ul vakillari tomonidan boshqarma shaxsiy tarkibi bilan tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi bo‘yicha kodini belgilashga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda tovarlar TIFTN kodini belgilashda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar tanqidiy ko‘rib chiqilib, har bir tovar xususiyatlari asosida kodini belgilash nyuanslari haqida alohida tushuntirildi.
Bu kabi uchrashuv va o‘quv-seminarlar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yaqindan ko‘mak bo‘lish bilan birga, davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga va bojxona xodimlari bilim saviyasining muntazam oshirilishiga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.