Futbolni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa tajribasini o‘rganish, akademiyalar va terma jamoalar markazi faoliyatini tashkil etish kabi bir qator yo‘nalishlarda tajriba almashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, O‘FA vitse-prezidentlari Ravshan Ermatov va Odil Ahmedovdan iborat mutaxassislar Vengriya mamlakatida bo‘lishdi.
Dastlab Vengriya futbol federatsiyasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Tomonlar ikki mamlakatda futbolni rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, ayollar va bolalar futboli yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, murabbiylar ta’limi va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildi. Bu borada ikki tomon vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassislar “Ferens Pushkash” nomidagi futbol akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 2007 yilda barpo etilgan ushbu akademiyadagi sharoitlar, zamonaviy infratuzilma va ilmiy yondashuvga asoslangan tayyorgarlik jarayoni bugunga kelib terma jamoalarga iste’dodli futbolchilarni yetishtirib bermoqda.
Tadbir davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Vengriya futbol federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Memorandumda ikki mamlakatning barcha yosh toifalardagi terma jamoalari ishtirokida xalqaro musobaqalar va o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish, murabbiylar, hakamlar va futbol mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish dasturlariga jalb qilish, bolalar futbolini rivojlantirish bo‘yicha bandlar mavjud.
Bundan tashqari, ishchi guruh Yevropada o‘z mavqeiga ega Vengriyaning nomdor jamoalaridan biri “Ferensvarosh” klubi infratuzilmasi, stadioni, maktabi, yosh futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha tajribasini o‘rganib chiqdi. Klub rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etilib, bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu safar davomida Vengriyaning sport hamda futbol tizimi borasida olingan foydali ma’lumotlar sportimiz, xususan futbolni rivojlantirishda Yevropa tajribasini qo‘llash borasida katta tajriba vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Muhimi, yurtimizda “millionlar o‘yini”ning ommaviylik va professionallik darajasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha boshlangan sa’y-harakatlar qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshlagani natijalarda o‘z aksini topmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA