O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 14-15 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida ishtirok etish uchun Dushanbe shahrida bo‘ladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining beshinchi uchrashuvi kun tartibidan mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalaridagi qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish hamda xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari o‘rin olgan. 

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining ushbu birlashma tashkil etilganining o‘ttizinchi yilida o‘tkaziladigan yubiley yig‘ilishida suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi mintaqaviy sheriklikning dolzarb jihatlari hamda jamg‘arma faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Tadbirlar yakunida bir qator ko‘p tomonlama hujjatlarning qabul qilinishi rejalashtirilgan.