Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori Axmed Reymovga Belarus Respublikasi Brest viloyati, Polessk davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, mazkur universitetda tahsil olayotgan qoraqalpog‘istonlik talabalar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti vakillarining Polessk davlat universitetiga dastlabki rasmiy safari 2021 yil may oyida bo‘lib unda ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hozirda hamkorlikda qator loyihalar ustida samarali faoliyat yuritib kelinmoqda.
Tadbir yakunida Polessk davlat universiteti rektori Valeriy Dunay Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Axmed Reymovga “Polessk davlat universiteti faxriy professori” unvoni taqdim etilganligi haqidagi hujjatni tantanali ravishda topshirdi.
O‘z navbatida, A.Reymov bunday yuksak ishonch uchun universitet rektoriga o‘z minnatdorligini bildirib, kelajakda ikkita ta’lim muassasasi o‘rtasida tajriba almashuvi hamda o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA