O‘zbekiston mustaqilligi bayrami kunida Xitoyning milliy ipak muzeyida “Rang-barang Osiyo: Osiyo kostyumlari” ko‘rgazmasi ochildi. Xachjoy shahrida sentyabr oyida ochiladigan XIX Osiyo o‘yinlari munosabati bilan Xalqaro muzeylar kengashining Osiyo-Tinch okeani ittifoqi (ICOM ASPAS) qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan ko‘rgazmada Xitoy, Koreya, Yaponiya, Tailand, Indoneziya, Malayziya, Butan, Laos, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Hindiston, Pokiston, Eron, Birlashgan Arab amirliklari, Suriya, Isroil, Turkiya, Falastin davlatlarining madaniy meros namunalari namoyishga qo‘yildi.
– Ko‘rgazma geografik jihatdan Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va G‘arbiy Osiyo bo‘limlariga bo‘lingan, – deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. – Unda XVIII-XX asrlarga oid bo‘lgan Osiyoning an’anaviy kiyim-kechak san’ati bilan tanishish imkoni mavjud. Shu bilan birga ko‘rgazmani tomosha qilar ekansiz Osiyodagi nafis, xilma-xil va gibrid kiyim tikish uslublari haqida bilib olishi mumkin. Ko‘rgazmaga O‘zbekiston va Tailand muzeylari xodimlari taklif etildi. O‘zbekistondan Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi va O‘zbekiston davlat san’at muzeyi o‘z ashyolari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning O‘rta Osiyoga bag‘ishlangan bo‘limida asosiy joyni Buyuk ipak yo‘lining markazi bo‘lgan O‘zbekistonga tegishli ashyolar egalladi. Binobarin, O‘zbekiston uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega va qariyb ikki ming yil davomida Buyuk Ipak yo‘lidagi savdoda asosiy rolni o‘ynagan davlat hisoblanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan barcha mamlakatlar madaniyati namunalarining eng yaxshilarini o‘zlashtirgan va natijada o‘ziga xos noyob madaniyat shakllangan.
Ushbu madaniyat namunalari hozirgi vaqtda yurtimizdagi 100 dan ortiq muzeyda saqlanmoqda va namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmada O‘zbekistondan 20 dona muzey ashyolari olib borildi. Ulardan 16 donasi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi, 4 donasi O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga tegishlidir. Jumladan, erkaklar va ayollar choponlari, oyoq kiyimlari (maxsi), kashta, zargarlik buyumlari mavjud.
Ko‘rgazma joriy yilning 12 noyabrigacha davom etadi.
G‘.HASANOV,
O‘zA