Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Ellikqal’a tumanida 13 yashar qizning nomusiga tegilganligi haqidagi videomurojaat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, Ellikqal’a tumani “Amirobod” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro M.Z. 2023 yil 30 avgustda tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 2010 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan nevarasi T.S.ni ushbu ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi qo‘shnisi Z.Sh. qo‘rqitgani va zo‘rlik ishlatgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan joyida o‘rganilib, sud-tibbiyot ekspertizasining 2023 yil 5 sentyabrdagi xulosasi, tergovga qadar tekshiruvda to‘plangan ish hujjatlari inobatga olinib, gumon qilinuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi.
Tergovning har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori tomonidan nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri