Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlab “Abu Rayhon Beruniyning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni va O‘zbekiston taraqqiyotidagi roli hamda ahamiyati” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Beruniy tumani hokimligi, “Beruniy avlodlari” jamoat fondi, uning qoshidagi Beruniyshunoslik ilmiy markazi va O‘zbekistonda demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari dastlab Beruniyning ramziy qabriga gulchambar qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. O‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Beruniyshunos olimlar, professorlar tuman markazidagi olim monumentiga ham tashrif buyurdi.
Ilmiy-amaliy anjumanda Beruniy tumani hokimi A.Saparbayev, “Beruniy avlodlari” jamoat fondi rahbari Q.Shoniyozov, Beruniyshunoslik ilmiy markazi direktori, falsafa fanlari doktori, professor B.Karimov, O‘zbekistonda demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Ya.Abdullayeva so‘zga chiqib, qomusiy olimning jahon ilmi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, o‘tkazilayotgan anjumanning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, o‘zining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim, Ilk Renessans davrining yorqin namoyondasi Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 avgustda “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlanib, respublikamizdagi Abu Rayhon Beruniy nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolarni, shu jumladan, uning sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, “Buyuk Beruniy merosi” xalqaro sayyohlik marshrutlarini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Shuningdek, allomaning ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratish, olim merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish ishlari amalga oshirildi.
Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olimning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirish, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Prezident qaroriga muvofiq, Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi.
Mazkur qaror bilan Parij shahridagi (Fransiya) YUNESKO bosh qarorgohida 2023 yil 4-8 sentyabr kunlari Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi. Ko‘rgazmada taqdim etish uchun dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar nusxalaridan iborat maxsus katalog ingliz va o‘zbek tillarida chop etildi.
Anjumanda bir qator olimlar hamda ilmiy xodimlarning Beruniy merosining turli jihatlari to‘g‘risida ma’ruzalari tinglandi.
Abu Rayhon Beruniyning ilmiy ijodini o‘rganish hamda keng jamoatchilikka targ‘ib qilishdagi buyuk xizmatlari uchun Beruniyshunoslik ilmiy markazi direktori, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Qurbon Muhammad Rizo “Beruniy avlodlari” jamoat fondining ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri