Prezidentimiz raisligida maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kutilayotgan o‘zgarishlar tanqidiy ruhda muhokama etildi.
Majlisda har bir oila, har bir bola hayoti maktab bilan bog‘langani, bu masala davlatning, jamiyatning eng muhim ishi ekani tilga olindi. So‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshdi. Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bu avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p. Oliy ta’limda ham qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytirildi. Albatta, sohada katta ijobiy islohotlar va o‘zgarishlar amalga oshirildi, lekin, shu bilan birga, hali hal qilinmagan masalalar va o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham bor.
Jumladan, o‘tgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan. Bu hol, ayniqsa, hozir talab yuqori bo‘lgan informatika, ingliz tili, fizika, matematika va kimyo fani o‘qituvchilarida bo‘lgani tashvishlidir. Oxirgi olti yarim yilda yurtimizda 320 ming xonadonli yangi uy-joylar barpo etilgan. Lekin ularga mos quvvatda maktablar qurilmagan. Yangi massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming o‘rinli maktablarga talab bor. Mavjud maktablar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham vazifalar ko‘pligi va boshqa qator masalalar tanqidiy tahlil qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlatimiz rahbari soha rivoji yo‘lida kelgusida amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalib, ta’lim sifatini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident maktabi va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi hamda baholash tizimi joriy etilishi, bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama berilishini hamda kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinishini alohida ta’kidladi.
Sharqda ilm-ma’rifat azaldan ardoqlab kelingan, murabbiylar va ustozlar tabarruk zotlar sanalgan. Qadimiy kitoblarimizdan biri “Qutadg‘u bilig”da ilm-ma’rifat saodat kaliti, deb ta’riflanadi. Shunday ekan, saodat kalitini insonga tutqazgan ustozlar, o‘qituvchilar cheksiz ehtiromga loyiq. Bu borada ham Prezidentimiz barcha o‘qituvchilar, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilib: “Aziz ustozlar, maktab ta’limi sohasidagi islohotlarimizni amalga oshirishda men sizlarni o‘zimning eng yaqin yordamchim, deb bilaman. Maktab ta’limini yanada yaxshilash bo‘yicha qabul qilayotgan chora-tadbirlarimizning pirovard natijasi, avvalo, sizlarga, sizlarning fidokorona mehnatingizga bog‘liq. O‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchi maqomini mustahkamlab qo‘ydik. Kelgusida shu asosda, albatta, ko‘p ishlarni amalga oshiramiz”, – deya alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, ta’lim va tarbiya masalasiga katta e’tibor berayotgan davlatlar bugun ilm-fan sohasida yetakchilikni qo‘lga kiritayotganligi hech kimga sir emas. Shu ma’noda, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ta’lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, insonlarning ongu tafakkurini o‘zgartirishga qaratilayotgan Prezident farmon va qarorlarining ijrosini ta’minlash, sohada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, eng asosiysi, o‘qituvchi va pedagoglarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish davlatimiz siyosatining uzviy bo‘g‘ini sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Partiyamiz saylovoldi dasturida mamlakatimizda tarbiya va ta’lim tizimini isloh qilish, uning sifatini oshirish bo‘yicha faol ish olib borish lozimligi ta’kidlangan. Partiyamiz buning uchun tizimni izchil takomillashtirib borishni zarur deb hisoblaydi. Demakki, partiyamizdan saylangan barcha darajadagi deputatlar, albatta, ta’lim-tarbiya sohasini o‘zlari uchun ustuvor bilib, bor kuch va imkoniyatlarini to‘la safarbar etishi kerak.
Unutmasligimiz kerak, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi barchamiz uchun eng zarur, dolzarb masala, chunki ular kelajagimiz vorislaridir.
Tajibay Romanov,
O‘zMTDP Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Kengashi raisi
O‘zA