Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining Prezident Salome Zurabishviliga nisbatan impichment boshlash to‘g‘risidagi qarorini adolatli, deb atadi. “RIA Novosti” xabar berishicha¸ avvalroq hukmron partiya hukumatdan rad javobini olmasligiga qaramay, u xorijiy safarlarini davom ettirgan.
– Afsuski, Prezident ochiqdan-ochiq qonunni buzmoqda, – dedi Bosh vazir. – Biz ibrat ko‘rsatishimiz, umuman, qonun himoyachisi bo‘lmog‘imiz kerak. Hukmron partiyaning qarori qat’iyan adolatli.
Aytishicha, u bir oy avval shaxsan prezidentga xorijiy safarlarni bekor qilish uchun rasmiy hujjat yo‘llagan.
– Bunga Zurabishvilining parlamentdagi chiqishi sabab, – ta’kidlagan Garibashvili. – Prezident hukumatni Yevropa tavsiyalarini bajarmaslikda aybladi. Gruziya hanuz Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini olmagan.
Impichment jarayonini boshlash uchun deputatlarning kamida uchdan bir qismi yozma murojaat qilishi lozim. Davlat rahbarini lavozimidan chetlatish uchun yuz nafar deputat qo‘llab-quvvatlashi kerak. Parlamentdagi 150 deputat orasida hukmron partiya tarafdorlari 84 nafarni tashkil qiladi.
Avvalroq Gruziya hukumati Zurabishvilining 10 xorijiy davlat, jumladan, Germaniya, Ukraina, Isroil va Birlashgan Arab Amirliklariga borishiga to‘sqinlik qilgan edi.
O‘zA