RF Prezidentining Sochidagi qarorgohida Vladimir Putin va Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

– Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash mavzusi dolzarb, albatta, – dedi Rossiya yetakchisi uchrashuv boshida. – Ukraina inqirozi bilan bog‘liq vaziyatni ham e’tiborsiz qoldirmaymiz. Shuningdek, don bitimi masalasini ko‘tarish zarurligini bilamiz. Biz muzokara uchun ochiq. Shuningdek, u Turkiyada “Akkuyu AES” qurilishi rejaga muvofiq davom etayotgani, birinchi energiya majmuasi 2024 yil ishga tushishini ta’kidladi.

– Energetika sohasida ishonchli harakat qilyapmiz, asosiy yetkazib beruvchilar, har ikki tomonning dvigatellari bo‘yicha kelishuvga erishildi, – deya qo‘shimcha qildi Putin. – Umid qilamanki, yaqin kelajakda natijaga guvoh bo‘lamiz. O‘z navbatida Erdog‘an g‘alla masalasi muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi muzokara samarasini butun dunyo kutyapti.

“O‘ylaymanki, rivojlanmagan Afrika mamlakatlari tomon qadam tashlash juda muhim”, dedi Turkiya rahbari. Ikki tomonlama munosabat haqida gapirar ekan, Moskva va Anqara “butunlay boshqa davrni” boshidan o‘tkazayotganini ta’kidladi.

– O‘zaro tashqi savdo hajmi 62 milliard dollarni tashkil etganidan juda mamnunmiz, – deya qo‘shimcha qildi qardosh xalq yetakchisi. – Biz 100 milliard dollarlik maqsad sari intilyapmiz.

Shuningdek, u “gaz uyasi” loyihasi muhimligini ham urg‘uladi. G‘alla bo‘yicha kelishuv kelajagi muzokaraning kutilgan mavzularidan biri bo‘lishi tayin. Bu jarayon ko‘plab ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.

O‘zA