Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev farmoni bilan beshta yangi vazirlik tashkil etildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

“Toqayev imzolagan beshta yangi vazirlik tashkil etilishi to‘g‘risidagi farmonga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tarkibida Suv resurslari va irrigatsiya, Transport, Turizm va sport, Madaniyat va axborot, Sanoat va qurilish vazirliklari paydo bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Davlat rahbarining yana bir farmoni bilan ichki ishlar, savdo va integratsiya, mehnat va ijtimoiy himoya, axborot va jamiyatni rivojlantirish, madaniyat va sport hamda ekologiya va tabiiy resurslar vazirlari egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan.

Avvalroq Prezident ma’muriyatida o‘zgarish amalga oshirilgan. Rahbar o‘rinbosari lavozimi bekor qilinib, ichki siyosat va kommunikatsiya, iqtisodiy, xalqaro, huquq, fan va innovatsiya masalalari bo‘yicha yordamchi lavozimlari tashkil etilgan edi.

 O‘zA