Nukusda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlanganlar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, faollar, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar raislari ishtirok etdi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova, O‘zbekiston Qahramoni O.Saytova, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, shoira G.Dao‘letova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Ye.Orinbayeva, “MUINAK-TOUR” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori, “Do‘stlik” ordeni sohibasi A.Bekjanova va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda gender siyosati masalalariga, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini oshirishga qaratilgan ishlarga to‘xtaldi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviyatini yuksaltirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar har birimizni yanada shijoat, ertangi kunga ishonch bilan ishlashga ruhlantirmoqda, – deydi “MUINAK-TOUR” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori A.Bekjanova. – Orolbo‘yi hududini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etilib, Mo‘ynoqda bunyodkorlik ishlari samarali olib borilmoqda.
Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA