Mamlakatimiz qonunchiligida joriy yilning 1 sentyabridan ayrim o‘zgarishlar ro‘y beradi.
Xususan, banklar ustav kapitali 2 barobarga oshiriladi. Sudlanganlikni bepul “olib tashlash” mumkin bo‘ladi. Sayyohlik firmalariga yengilliklar beriladi. O‘zboshimcha qurilgan konstruksiyalarga “reyd” o‘tkaziladi hamda madaniy ob’ektlar himoya qilinadi.
OTMlarning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya vaziri stipendiyasi beriladi.
Energetika sohasidagi huquqbuzarliklar haqida xabar berish va mukofot puli olish mumkin bo‘ladi. Ayollarning mehnat huquqi himoyasi kuchaytiriladi hamda nogironlarga yengilliklar beriladi.
Maktab direktorlariga bir qator huquqlar beriladi. Xususan, maktab direktoriga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15 foizgacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi. Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktab faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi.
Hududlarda eng tajribali maktab direktorlaridan iborat Direktorlar kengashlari tuziladi. Maktab direktorlari Direktorlar kengashi tavsiyasiga asosan hududiy boshqarmalar tomonidan ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlanadi.
O‘zA