Qaror va ijro

Dunyoni ko‘z nuri bilan anglash, idrok etish insonga berilgan bebaho ne’matlardan biri. Olimlarning ta’kidlashicha inson hayoti davomida olgan axborotining 80 foizini aynan ko‘rish orqali oladi. Ammo hayotda tug‘ma nuqson, biror kasallik asoratlari, yoki ehtiyotsizlik oqibatida ko‘rish imkoniyatini yo‘qotgan insonlar ham bor.

Keyingi yillarda O‘zbekiston tibbiyoti sohasida erishilgan eng katta yutuqlardan biri – aynan aholiga ko‘rsatilayotigan oftalmologiya sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lganligi kishini quvontiradi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 iyundagi O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan oftalmologiya yo‘nalishidagi ishlarni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab berildi.

Qaror ijrosi doirasida, respublikada xirurgiya, kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi kabi o‘nlab yo‘nalishlarda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va yuqori malakali vrachlar bilan to‘ldirilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, aholiga ko‘rsatilayotgan oftalmologiya xizmati sifatini oshirish maqsadida 2018-2022 yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 4,5 million AQSH dollari qiymatidagi 145 ta yuqori texnologik tibbiy uskunalar olib kelindi.

Natijada, 49 turdagi oftalmologik kasalliklarni davolash bo‘yicha 172 turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga, ko‘z mikroxirurgiyasi markazida dunyo andozalariga mos ravishda jarrohlik faolligi 99,4 foizga yetishiga erishildi. O‘tkazilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni avval yiliga o‘n mingga yetmagan bo‘lsa, 2022 yilda o‘n olti mingdan ortiq operatsiya bajarildi.

Albatta, bugun tibbiyot rivoji nafaqat zamonaviy, yuqori aniqlikka ega bo‘lgan asbob-uskunlar, shu bilan birga, kadrlar salohiyatiga ham bevosita bog‘liq. Shu bois, 2018-2022 yillarda ushbu soha mutaxassislarining 50  nafari Fransiya, Turkiya, Avstriya, Qozog‘iston, Latviya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus kabi davlatlarda malaka oshirib keldi. Rossiya, Turkiya, Isroil, Hindiston, Xitoy davlatlaridan jami 20 nafarga yaqin xorijiy mutaxassisning markazga tashrifi davomida 1000 dan ortiq murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Shu bilan birga, ushbu o‘zgarishlar faqat markazning o‘zi bilan cheklanib qolgani yo‘q. Xususan, hududlardagi deyarli barcha filiallarda katarakta fakoemulsifikatsiya, ko‘z olmasining oldi va orqa qismidagi barcha turdagi lazer jarrohliklari, optik kogerent tomografiya, ultratovushli biomikroskopiya diagnostika usullari keng joriy qilindi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Buxoro filiallarida ilk bor keratoplastika va vitreoretinal jarrohlik usullari amaliyotga joriy etildi.  Bundan bir necha kun oldin, ya’ni, 25 avgust kuni Navoiy viloyatidagi filialda ilk bor ko‘z olmasining oldi va orqa qismidagi asoratli katarakta sun’iy ko‘z gavharini ko‘z sklerasiga tikish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

Shuningdek, oftalmologiya xizmatini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida “ISUZU” rusumidagi avtobuslar negizida 13 mobil poliklinika  tashkil etildi va 5 xil zamonaviy oftalmologik uskunalar bilan jihozlandi. Ushbu mobil poliklinikalar hududiy tibbiyot boshqarmalari bilan kelishgan holda reja asosida haftada ehtiyojga qarab shahar va tumanlarga, ishlab chiqarish korxonalariga chiqib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimiz tibbiyot sohasida erishilayotgan natijalarni bugun minglab bemorlar o‘z hayotlarida his qilmoqda. Yuzlab oilalar farzandi yoki yaqinini davolatish uchun misqollab mablag‘ yig‘ib, ortiqcha ovoragarchiliklar bilan xorijiy davlatlarga bormasdan o‘z hududida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanmoqda.

Mahfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA