Xabarga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligiga “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ining bolalar aqliy rivojlanishi va salomatligiga salbiy va zararli ta’siridan xavotirli murojaatlar soni ortib bormoqda.

Qayd etilishicha, “TikTok” foydalanuvchini qisqa lavhalar virtual olamiga cho‘mdiradi, ba’zi o‘smirlar u yoki bu kliplarni takrorlashga urinib ko‘rishmoqda. Qisqa videolavhalar ichida bolalar hayotiga xavf tug‘diradiganlari ham yetarlicha. Bundan tashqari, bolalarning endigina shakllanib kelayotgan psixikasi hali barqaror emas bo‘lib, bunday xavfli videolavhalar o‘sib borayotgan avlodning hissiy holatiga salbiy ta’sir qiladi.

Shu munosabat bilan Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi tomonidan mazkur ijtimoiy tarmoq kontenti monitoringi o‘tkazilib, monitoring davomida “TikTok” platformasidan foydalanishda bolalar salomatligi va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborot cheklovlari, shuningdek, yosh toifasini boshqarish funksiyalari kiritilmaganligi aniqlangan.

Ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda va o‘tkazilgan monitoring asosida Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi Qirg‘iziston Respublikasi hududida “TikTok” xizmatini tarqatishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror Qirg‘iziston Respublikasi qonunlari doirasida kelgusida amalga oshirish uchun mamlakat Raqamli rivojlanish vazirligiga yuborildi.

Joriy yilning aprel oyida Qozog‘istonda ham deputatlar tomonidan bolalar va o‘smirlar o‘rtasida “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlash taklif qilingandi. Ma’lumot uchun, mazkur ijtimoiy tarmoq O‘zbekistonda ham taqiqlangan.

 

M.Turdaliyeva O‘zA