Aholidan tushayotgan murojaatlar ichida yo‘llarni ta’mirlash, atrofni maishiy chiqindilardan tozalash, ish bilan ta’minlash, rahbarning shaxsiy qabuli, moddiy yordam, subsidiya kabi masalalar bilan bog‘liqlari ortgan.
73 davlat organi va boshqa tashkilotlarning murojaatlar bilan ishlash ko‘rsatkichlari sohalar hamda hududlar kesimida tahlil qilinganda bu ma’lum bo‘lgan.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Din ishlari qo‘mitasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ, Fanlar akademiyasi, Toshkent, Namangan va Samarqand viloyatlari hokimliklarida murojaatlar muddatidan kechiktirib hal etilayotgan. Fuqarolarning murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yechimidan qoniqish darajasi pasaygan. Takroriy murojaatlar ko‘paygan.
Bu Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida qayd etildi.
Qo‘mita a’zolari vazirlik va idoralarning aholi murojaatlarini ko‘rib chiqishga doir faoliyatini doimiy ravishda o‘rganib, monitoring qilib bormoqda.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarga 2023 yilning birinchi yarim yilligida kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash holatini o‘rganishda yuqoridagi holatlar aniqlangan.
Majlis davomida Tog‘ – kon sanoati va geologiya vazirligi, Din ishlari qo‘mitasi, Toshkent hamda Namangan viloyatlari hokimliklarining sohaga mas’ul bo‘lgan rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi.
Qayd etilgan kamchiliklar bo‘yicha qo‘mita a’zolari hamda ekspert-mutaxassislar tomonidan kun tartibidagi masala bo‘yicha mutasaddilar hisobotlari eshitildi, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Tadbirda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga qat’iy rioya qilish, murojaatlar bilan ishlashni to‘g‘ri tashkil etish zarurligi aytildi.
Tizimli muammolar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlab, zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish, takroriy murojaatlarning oldini olish, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va hal etish kabi vazifalar belgilab olindi.
Senatorlar, ekspertlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining doimiy komissiyalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA