Aksariyat amerikaliklar AQSH rahbari Jo Baydenning yoshi mamlakatni ikkinchi muddat boshqarish uchun to‘sqinliq qiladi, deb hisoblaydilar. “AP-NORC” jamoatchilik munosabati tadqiqot markazi xulosasi shunday.
Ma’lumotga ko‘ra, 77 foiz respondent Bayden Oq uyda yana to‘rt yil qolib, samarali rahbarlik qilish uchun ancha keksa, degan. Bu fikrni Respublikachilar partiyasi tarafdorlarining 89 foizi, demokratlarning esa 69 foizi qo‘llagan.
So‘rov davomida Baydenning tabiati haqida ham so‘ralgan. Ishtirokchilarning 26 foizi amaldagi Prezidentning yoshiga e’tibor qaratgan 15 foizi esa davlat yetakchisini “shoshmas”, “parishonxotir”, degan. Hatto, bir respublikachi uni kartoshka bilan solishtirgan.
Amerikaliklar mamlakat boshqaruvini yosh avlod vakiliga ishonib topshirish to‘g‘risida ko‘p gapirishyapti. Ovoz berishda qatnashganlarning 68 foizi saylanadigan AQSH senatorlari va Vakillar palatasi a’zolari yoshiga, 66 foizi esa prezidentlikka nomzodlar yoshiga cheklov qo‘yish fikrini bildirgan.
Tadqiqot 10-14 avgust kunlari 1 100 dan ziyod kishi orasida o‘tkazilgan.