“Yuksalish” umummilliy harakati hamda Notarial palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi hamkorligida “Mening oilam – mening huquqim” mavzusida bepul huquqiy maslahat aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr-mulohazalarni tayyorlashdan iborat.
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Notarial palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi rahbar hamda mas’ul xodimlari, Nukus shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar ishtirok etib, fuqarolarga maslahat berdi.
Jumladan, fuqarolarga meros masalasida 68 ta, mol-mulk oldi-sotdisi yuzasidan 24 ta, hadya bo‘yicha 4 ta, shuningdek, nikoh shartnomasi, hujjat tarjimasini notarial tasdiqlash va migratsiya, ishonchnoma kabi masalalar yuzasidan maslahat berildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan grant loyihasi doirasida aksiyada fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan dolzarb masalalar yuzasidan mutaxassislardan bepul maslahatlar oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA