Odamlarning og‘irini yengil qilish, barchasohalarda adolatni ta’minlash – asosiy vazifamiz

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-3 may kunlari Namangan viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrifning ikkinchi kuni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

O‘zbekiston zamini dunyo tamadduni va ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. Ajdodlarimiz bebaho merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, qadamjolarini obod maskanga aylantirish doimiy e’tiborda.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 2-noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Is’hoqxon Ibrat bog‘i va yodgorlik majmuasini barpo qilish, “Ibrat maktabi”ni tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.

6.jpg

10.jpg

Qayd etish joizki, XIX asrda To‘raqo‘rg‘on zaminida tug‘ilib o‘sgan Ibrat arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan. Qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rgangan. Serqirra ijodkor sifatida “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”), “Jome’ ul-xutut” (“Xatlar majmui”), “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat” , “Mezon uz-zamon” (“Zamon tarozusi”), “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” kabi o‘ndan ortiq tilshunoslikka oid, ilmiy-tarixiy hamda ma’rifiy asarlar yaratgan. Ibrat domla 1886 yildayoq eski maktablarga nisbatan birmuncha ilg‘or bo‘lgan maktab ochgan. 1907-yilda esa yangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib, qishloq bolalarini o‘qitgan.

Ibrat o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida 1908-yil Orenburg shahridan litografik mashina xarid qilib, uni Orenburgdan Qo‘qongacha poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgan va o‘z hovlisida “Is’hoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgan. Bu bosmaxona o‘tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat ko‘rsatib kelgan va u yerda turli ilmiy-ma’rifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘nlab kitob do‘konlari tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil iyul oyida Namangan viloyatiga tashrifi doirasida ushbu kompleksda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan, uni mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda xorijiy tillarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta’kidlagan edi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur sharoitlar yaratish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida ikki gektardan ziyod maydonni egallagan memorial majmuada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Loyiha qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod majmua bog‘-xiyobon, uning o‘rtasida Is’hoqxon to‘ra Ibrat haykali, milliy uslubdagi ayvon, bosmaxona, musiqali favvora, chet tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat va tarixiy-me’moriy obidada barpo etilgan muzeyni o‘z ichiga oladi.

Prezidentimiz Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatda bo‘ldi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

12.jpg

13.jpg
18.jpg

– Ibrat domlaning el-yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona xizmatlari nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yoshlarimiz shunga munosib, yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib voyaga yetishi kerak. Bu maktabga nafaqat Namangan viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlaridan eng iqtidorli yoshlar o‘qishga qabul qilinadi.

Xorijiy tillar bo‘yicha ilmiy ishlar qilish, til o‘rgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kerakligi qayd etildi.

Prezidentimiz Ibrat maktabini a’lo baholarga bitirgan o‘g‘il-qizlarni oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va grant asosida o‘qitish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev majmuaga uyg‘un tarzda Kosonsoy soyining ikki qirg‘og‘ida bunyod etilgan xiyobonni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda qurilayotgan uy-joylar, savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar, sayr yo‘laklari va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Is’hoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishuv asnosida Prezidentimiz viloyat ziyolilari, nuroniylar bilan muloqot qildi. Ular davlatimiz rahbariga buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi chog‘ida shunday muassasalar faoliyati bilan tanishmoqda. Bu bejiz emas. Mutaxassislar fikricha, o‘quvchilarning fanlarni qanchalik puxta o‘zlashtirishi bog‘chada olgan bilimiga bog‘liq.

Bu borada Namangan viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz ko‘rsatmalari asosida To‘raqo‘rg‘on tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 2 milliard 250 million so‘m evaziga 10-maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etildi. Is’hoqxon Ibrat majmuasi yonida joylashgan ushbu bog‘chada bolajonlar ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Joriy yilda bog‘chaga 200 bolani qabul qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga bog‘chada o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayoni, yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan shahar davlat xizmatlari markazida bo‘ldi. Markazga “Karbonam” MCHJ tasarrufidagi foydalanilmay turgan to‘rt qavatli bino ajratilgan. 15 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan bo‘lib, kuniga 800 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga 50 dan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu yerda Xalq qabulxonasi, notarial idora, FHDYO, pasport bo‘limlari, sug‘urta, kadastr, haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmatlari, bank shoxobchasi joylashgan. Tez tibbiy yordam xizmati, bolalar maydonchasi, kafe tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari markazdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi, haydovchilik guvohnomasini berish jarayonini bevosita kuzatdi. Ushbu guvohnomalarga mikrochip o‘rnatilgan bo‘lib, shaxsning pasport ma’lumotlari kiritiladi. Pasport bo‘lmaganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat o‘rniga o‘tadi.

21.JPG

22.JPG
26.JPG
27.JPG

– Biz bu xizmatni nima uchun tashkil qildik? Adolat buzilmasligi, korrupsiya bo‘lmasligi, odamlar qiynalmasligi uchun, – dedi Prezidentimiz. – Ushbu muassasa davlat xizmatlari markazlari faoliyatini tashkil etishning Namangan tajribasi, odamlar bilan muloqotning yangi namunasi bo‘ladi. Eng katta yutug‘imiz bunday idoralarda endi fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi.

Muassasaning uchinchi qavatida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat bo‘limi hamda Namangan innovatsiya markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan muammolarni bartaraf etish, ularning manfaatlarini ta’minlash borasida Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi oldida turgan masalalarga e’tibor qaratdi. Viloyatning har bir tumani kesimida oilalarning ijtimoiy ahvolini o‘rganish va ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, xotin-qizlar bandligi, tibbiy madaniyati bo‘yicha tahlillar olib borish zarurligini ta’kidladi.

– Xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari endi yig‘ilishma-yig‘ilish yurmaydi, o‘z uchastkasidagi ayollar muammolari bilan shug‘ullanadi. Bu sohadagi eng katta illat – xotin-qizlar qo‘mitalari o‘z ortidan hech kimni ergashtirolmaydi. Bunga barham berilsagina jamiyatimizda ma’naviy muhit o‘zgaradi, xotin-qizlar muammolari kamayadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xotin-qizlar ishsizligining oldini olish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni, uy-joy sharoitini yaxshilash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari tashrifidan so‘ng “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining Namangan shahar va 11 tuman bo‘limiga “Spark” avtomobillari topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-sentyabrdagi “Namangan shahrida zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ulkan istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Mazkur majmuaning tamal toshi Prezidentimizning o‘tgan yil Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida qo‘yilgan edi.

“Namangan istiqlol bog‘i”ni tashkil etish loyihasida mahalliy aholi va viloyat mehmonlari, xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladigan infratuzilma obyektlari ko‘zda tutilgan. 110 gektar maydonni qamrab olgan bog‘da ochiq va yopiq suzish havzasi, mini-stadion, muz saroyi, to‘rt yulduzli mehmonxona, yirik attraksionlar, ertaklar shaharchasi, savdo majmualari, kutubxona, internet kafe, bouling va fitnes klublari, ko‘p qavatli zamonaviy avtoturargoh, hunarmandlar markazi, amfiteatr, akvapark joylashadi. O‘ziga xos landshaftga ega hududga noyob manzarali daraxt va gullar ekilib, botanika bog‘i yaratiladi.

Turkiyaning “DOME+PARTNERS” kompaniyasi loyihasi asosida qurilayotgan majmuaning umumiy qiymati 12 million dollar va 116 milliard so‘mni tashkil etadi. 2019-yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan bog‘da 1 ming 500 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. U yiliga 100 ming kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Ayni paytda bu yerda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbariga madaniyat va istirohat bog‘ida qurilishi rejalashtirilayotgan “O‘n bir Ahmad” masjidi, Guliston dahasida bunyod etilishi mo‘ljallangan “Namangan City”, Pop tumanidagi zamonaviy savdo majmuasi va “Pop eco park”, Namangan shahar kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish kabi loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

Prezidentimiz nafaqat viloyat, balki mamlakatimizda qiyosi yo‘q bo‘ladigan mazkur majmuani sifatli barpo etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi. Boqqa “Afsona Land” nomini berishni taklif etdi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga safari nihoyasiga yetdi. Tashrif davomida yutuqlar bilan birga, qator kamchiliklar ham mavjudligi qayd etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bu odamlarning og‘irini yengil qilish, har bir sohada adolatni ta’minlash, hududlarni izchil rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.

 

Ziyodulla Jonibekov, Matnazar Elmurodov, Umar Asrorov, Muhammad Amin (surat), O‘zA