Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda jamoatchilik ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihada har yili Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish uchun ma’lumotlar bazasi sifatida xizmat qilishi nazarda tutilgan loyihalar portfeli shakllantirilishi qayd etilgan.

2024 yil 1 yanvardan boshlab vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan dastur doirasida loyihalar portfelini shakllantirishda fuqarolar tomonidan tashabbus tarzida bildirilgan takliflar alohida inobatga olinadi.

Loyihalar portfeliga takliflar fuqarolar tomonidan o‘zlari doimiy yashab turgan tuman (shahar) va mahalla hududidagi ijtimoiy soha muassasalarini (umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, oilaviy poliknikalar, qishloq vrachlik punktlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, madaniyat va sport muassasalari) qurish-ta’mirlash ishlari hamda ichimlik va oqava suv tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan loyihalar bo‘yicha bildiriladi.

Tarmoq vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari (bo‘linmalari) o‘zlarining rasmiy saytlarida fuqarolar tomonidan loyiha takliflarni taqdim etish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi “jamoatchilik tashabbusi asosida ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini portfelini shakllantirish” maxsus alohida axborot sahifasini yaratadi.

Fuqarolar tomonidan loyihalar portfeliga kiritish uchun tashabbus tarzida taklif etilayotgan ijtimoiy va infratuzilma loyihasi veb-sahifa orqali har yili 1 fevraldan boshlab 1 martgacha bildiriladi va hududlarda ishchi guruhlar tomonidan o‘rganib chiqilib, loyihalar portfeliga kiritiladi.

Ishchi guruhlar tarkibiga tuman (shahar) hokimi yordamchilari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari kiritiladi.

Ishchi guruhlar har yili 1 martgacha fuqarolar tomonidan tashabbus tarzida bildirilgan loyiha takliflari to‘g‘riligi, texnik holati, ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgani hamda qurish-ta’mirlashga muhtojligini o‘rgangan holda loyihalar portfeliga asoslangan takliflar kiritilishini ta’minlaydi.

Dasturning manzilli qismini shakllantirishda, birinchi navbatda, ustuvorlik fuqarolar tomonidan bildirilgan loyihalarga beriladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA