Mamlakatimizda malakali jurnalist kadrlarni tayyorlash, axborot makonini yangicha talqindagi ko‘rsatuv va loyihalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Ana shunday loyihalardan biri joriy yilning 17-20 avgust kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Ugam oromgohida tashkil etiladi. “Media camp 2023” loyihasi doirasida jurnalistlar uchun seminar-trening o‘tkaziladi.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy media birlashmasi xabar tarqatdi.
Mazkur media oromgohda O‘zbekiston Milliy mediasiga a’zo teleradiokanallarning 100 dan ortiq ijodiy va texnik xodimlari Fransiya, Turkiya va O‘zbekistonning malakali jurnalistlari hamda Yunisef tashkilotining mutaxassislari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
To‘rt kun davom etadigan media oromgohda tajribali va taniqli jurnalistlar yosh jurnalistlarga kreativ, tezkor, xolis kontent tayyorlash bo‘yicha saboq berishadi.
Bundan tashqari, mazkur trenning davomida ko‘ngilochar dasturlar, qiziqarli sport musobaqalari o‘tkazilib, unda o‘z iqtidorini namoyish etganlar sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.