O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga tashrifi davomida AQSH Xalqaro Taraqqiyot agentligi (USAID) administrator yordamchisi Isobel Koulman bilan uchrashdi.

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muloqotda AQSH – O‘zbekiston hamkorligi, jumladan, IT sohasini qo‘llab-quvvatlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va O‘zbekistonda xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat doirasida  USAID O‘zbekiston hukumati bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar va xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Shuningdek, texnik maktablarni bog‘lash orqali mamlakatda IT va kommunikatsiya sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Xususiy sektorning o‘sishiga yordam beradi va IT bilan bog‘liq boshqa tashabbuslarni, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga yordam beradi.

 

G.Sattorova  

O‘zA