Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha e’lon qilgan “tinchlik formulasi”dagi 10 ta bo‘limning har biriga izoh berilgan “Ukrainaning tinchlik formulasi falsafasi” nomli hujjat kuni kecha Zelenskiy ofisi saytida e’lon qilindi.
Ushbu hujjatda eng muhim bo‘limlardan biri Ukrainaning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi hisoblanadi, ushbu xavfsizlikni ta’minlashda MAGATE tashkiloti “yetakchilik qilishi kerak” deyilgan. Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘limi esa Ukraina agromahsulotlarining Qora dengiz portlari hamda EU Solidarity Lanes tashabbusi bo‘yicha tashkil qilinadigan avtomobil, daryo va temiryo‘l yo‘nalishlari bo‘yicha Yevropaga to‘siqlarsiz eksport qilinishini nazarda tutadi. Bundan tashqari, mazkur reja mamlakatning energetika infratuzilmalarini tiklash, jumladan, Ukraina energosohasi xavfsizligining xalqaro monitoringini doimiy qo‘riqlashni tashkil etishni ham nazarda tutgan.
“Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi Ukraina1991 yilda mustaqilligini e’lon qilgandan keyingi xalqaro tan olingan chegaragacha tiklanishi kerak”, – deyiladi “Tinchlik formulasi”ning yana bir bo‘limida. Bundan tashqari, “Zelenskiyning tinchlik rejasi”da ekologiya xavfsizligi, mojaroning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, xalqaro darajada tergov olib borib adolatni tiklash masalalari ham o‘rin olgan.
2022 yil noyabr oyida Prezident Vladimir Zelenskiy Kiyev o‘zining 10 ta bo‘limdan iborat “tinchlikka erishish rejasi”ga ega, deb bayonot bergan edi. Unda yadroviy, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, asirlarni “barchasiga-barchasi” formulasi bo‘yicha almashish, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini tiklash bo‘limlari joy olgan. Zelenskiy Kiyev xalqaro xavfsizlik kafolati berilishini talab qilayotganini yana bir bor esga solib, bu borada zaruriy hujjat ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. Ukraina Prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Kiyev mamlakatning jangovar harakatlardan ko‘rgan zararini Rossiya aktivlari hisobiga qoplash uchun xalqaro mexanizmini yaratishga erishishni hohlaydi.
O‘z navbatida, Moskva ham muzokaralarga tayyor ekanini bir necha bor ma’lum qilgan, biroq Kiyev muzokaralar o‘tkazishni qonun darajasida taqiqlab qo‘yilgani aytiladi. G‘arb davlatlari esa har doim RFni muzokaralarga chorlab kelmoqda. Moskva muzokaralarga tayyor ekanini, lekin G‘arb Kiyevning muzokaralarni rad etayotganini tan olmayotganini ta’kidlab kelmoqda.
S.Rahimov, O‘zA