Ashxobod 12 sentyabr kuni Nyu-Yorkda ochilishi kutilayotgan BMT Bosh assambleyasining 78 sessiyasida “Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonni o‘lim jazosidan xoli hudud”, deb e’lon qilish to‘g‘risida xalqaro huquqiy hujjat qabul qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Dushanba kuni Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan xabarda shu haqda aytilgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, Turkmaniston Markaziy Osiyoda o‘lim jazosini bekor qilgan birinchi davlat hisoblanadi va hozirgi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston o‘lim jazosini bekor qilgan birinchi mintaqa bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan “Turkmaniston Markaziy Osiyo mintaqasi va Mo‘g‘uliston uchun huquqiy hujjat – “Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston o‘lim jazosidan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnoma”ni ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qiladi. “Keyinchalik bunday hujjat butun dunyoda o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan Konvensiya ishlab chiqish va qabul qilishga asos bo‘lishi mumkin”, – deyiladi Turkmaniston TIV tarqatgan bayonotda.