BMT shafeligidagi tuzilma fuqarolarimizni hushyorlikka chorlovchi matn tayyorladi

Hudud va chegara bilmayotgan ofatlar — giyohvand moddalar va odam savdosi jamiyat taraqqiyoti, davlat rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ayniqsa, odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqini poymol etib, uning taqdiri va kelajagini oyoqosti qiladi.

Bejiz 30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida e’tirof etilmaydi. Yaqinda ushbu sana munosabati bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari, profilaktik tadbirlar, shuningdek, bedarak yo‘qolgan fuqarolar xotirasiga bag‘ishlab marosimlar o‘tkazildi.

Yana bir muhim voqelik esa BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi – UNODC yurtimizda odam savdosi bilan bog‘liq holatlarni bartaraf etish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqqani bo‘ldi. Tuzilma rasmiylari axborot orqali aholini xabardor qilish, ularni ehtiyotkorlikka chaqirishga qaratilgan maxsus matn tayyorladi.

UNODCning Odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Reda Sirgediyene O‘zbekiston fuqarolarini eng avvalo, xorijda mo‘may maosh evaziga ishga taklif qilish holatlaridan o‘ta ehtiyot bo‘lish kerakligini ta’kidladi. Bunday nomutanosib saxiylikni shubhalanish va g‘arazli niyatlar ehtimolini hisobga olish juda muhim.

Mazkur matnda hushyorlik bilan ish taklifi va mehnat sharoitini o‘rganish, tekshirish maslahat beriladi. Tajriba yoki til bilish ko‘nikmasi talab etilmay, aksincha, yuqori ish haqi berilishi shubhali ekani qayd etilgan.

“Ba’zi fuqarolar zaifligi tufayli yoki moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechirayotganlar ko‘pincha odam savdogarlarining “o‘lja”siga aylanadi. Ba’zi hollarda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar muvaffaqiyatli ishbilarmonlar sifatida harakat qilib, maxfiy sharoitda daromadli ish taklif qilishi va jabrlanuvchiga ma’lumotni qarindoshlari yoki do‘stlari bilan baham ko‘rmaslikka undaydi”, deyiladi axborotda.

Odam savdosi va migrantlar kontrabandasi o‘rtasidagi farq

Ikkala faoliyat ham noqonuniy va ular bir-biridan tubdan farq qiladi. Odam savdosi — zaif fuqarolarni chetga yollash, ularni yangi joyga ko‘chirish, o‘z g‘araz niyatidan foydalanish. Muhojirlar kontrabandasi esa, aksincha, qonuniy ruxsati bo‘lmagan mamlakatga noqonuniy kirish uchun yordam so‘rash.

UNODC bu ikki jinoyat ko‘pincha bir-biriga yaqinligini qayd etadi, boisi noqonuniy yo‘l bilan biror-bir davlatga olib kirgan shaxs irodasi zaifligi tufayli odam savdosiga tushib qolishi mumkin.

Jamoatchilik vakillari bilan suhbatlarda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamyurtlarimizni hushyorlikka chaqirib, daromadli ish taklif etilsa, sharoitini tekshirishni so‘raydi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Rossiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Tailand, Gruziya, Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun odam savdosining asosiy yo‘llari bilan bog‘liq holatlarni tomonga ijobiy o‘nglash darkor.

“Uy-joy taklif qilib, fuqarolarni aldov yo‘li bilan chetga chiqarib yuborish holatlariga juda e’tiborli bo‘lishimiz kerak”, deyiladi matnda.

Chegara bilmaydigan ushbu jinoyat tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun UNODC yana quyidagi asosiy tavsiyalarni berdi:

Internetdagi ma’lumotlarni, ayniqsa, daromadli ish taklifini qayta-qayta tekshirish maqsadga muvofiq, mehnat faoliyati bilan bog‘liq har bir qaror qarindosh va do‘stlar maslahatisiz qabul qilinmasligi kerak.

Ishga taklif qilgan kompaniya haqida ma’lumot yo‘q bo‘lsa, tegishli ta’lim va ish tajribasi talab qilinmasa, turar joy, ovqatlanish va belgilangan manzilga sayohatga jo‘nashdan oldin tovon puli so‘ramasdan tashkil qilingan bo‘lsa, zudlik bilan ketish so‘ralsa, ikkilanib, ish taklifini qabul qilishdan bosh tortganda tahdid qilinsa, bilingki, bu jinoyat bo‘lishi mumkin.

Xorijga chiqish oldidan shartlarni diqqat bilan o‘rganib chiqib, mehnat shartnomasini imzolash tavsiya etiladi. Favqulodda aloqa to‘plang: tez yordam olish uchun elchixona yoki konsullik, politsiya bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan ma’lumotga egaligingizga ishonch hosil qilishimiz kerak.

Xulosa shuki, jinoyat olamiga kirib qolganlar nafaqat o‘zining taqdiriga, balki butun bir davlat, jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, dunyo ahli bugungi ekologik xavf-xatarlar, iqtisodiy zararlar va boshqa tabiiy ofatlarga yuz tutayotgan bir paytda giyohvand moddalar va odam savdosi kabi jinoyatlarning oldini olish har birimizning insoniy burchimizga aylanishi lozim.

 

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA