“Rossiya – Afrika” sammitidagi asosiy masala haqida…

O‘zA xabar berganidek, o‘tgan hafta muhim siyosiy voqelik – “Rossiya – Afrika” sammiti doirasida 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburgda ikki mintaqa davlatlari yetakchilari ishtirokida uchrashuvlar, qo‘shma yig‘ilishlar hamda turli sohalarga bag‘ishlangan forumlar bo‘lib o‘tdi.

Asosiy sammit payti Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlari har qanday xalqaro mojaroda faqat o‘z manfaatidan kelib chiqib harakat qilayotganiga qaramay, Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlashga tayyor ekanini bildirdi.

Qayd etilishicha, Rossiya BMT Nizomini buzmaydi, aksincha to‘liq ushbu hujjatga mos harakat qiladi. Davlat rahbari muloqot chog‘ida 2014 yil Ukraina hukumati davlat to‘ntarishiga rozi bo‘lmagan fuqarolarga qarshi samolyot, og‘ir texnika, tank yordamida jangovar harakat boshlaganiga shama’ qildi.

– Hududlar mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldik, sakkiz yil davomida tinch yo‘l bilan kelishuvga erishishga harakat qildik, – dedi V.Putin. – Yangi tashkil etilgan davlatlar bilan hamkorlik, o‘zaro yordam to‘g‘risida shartnoma imzoladik. Bularning bari BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq, ularning yordam chaqiruviga javob bo‘ldi.

RF yetakchisi mazkur hujjat tamoyiliga boshqa davlatlar ham hurmat ko‘rsatishi kerakligini, ikki tomonlama standart, bir tomonlama sanksiya, o‘z xavfsizligini boshqalar hisobiga ta’minlashga urinish bo‘lmasligi lozimligini ta’kidladi.

Putin Afrika mamlakatlari rahbarlariga murojaat qilar ekan, ularning yondashuvi, g‘oyalari Xitoy tomonidan fevralda Ukraina atrofidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha taqdim etilgan tinchlik rejasi qoidalariga mos kelishini ma’lum qildi.

– Biz afrikalik do‘stlarimiz fikr, mulohazalarini sinchkovlik bilan tahlil qildik, bunga juda jiddiy e’tibor bilan qaraymiz, – dedi Rossiya rahbari. – Ziddiyatni adolatli, barqaror hal etish uchun imkon qadar ko‘mak ko‘rsatishga chin dildan intilayotganingizni ko‘rib turibmiz. Shu bois, sizning muvozanatli yondashuvingizni yuksak qadrlaymiz.

U, shuningdek, Ukraina rasmiylari Rossiya bilan muzokarani taqiqlovchi maxsus me’yoriy-huquqiy baza chiqarganini ham keltirib, hech qachon kelishuvdan bosh tortmaganini va muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini qayd etdi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA