O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahrini rivojlantirishga qaratilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun hokimlik ma’muriyati oldiga qator muhim vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, ularning ijrosi uchun boshqaruv va nazoratda tub o‘zgarishlar taqozo etiladi.
Asosiy maqsadlardan biri – shaharda barcha yo‘nalishlarni kompleks rivojlantirish orqali Toshkentni yashash uchun qulay bo‘lgan dunyoning TOP-50 ta shaharlaridan biriga aylantirish (hozirda 157-o‘rinda).
Aholi soni o‘sishini inobatga olgan holda, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich hozirgi 2,8 mln.dan 3,8 mln.ga yetishi mumkin, poytaxtni aholiga yashash uchun qulay shaharga aylantirishga zamonaviy boshqaruvni joriy etish hamda davlat bilan tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali erishiladi.
Buning natijasida shahar ijtimoiy infratuzilmasining mavjud resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, arxitektura qiyofasini yaxshilash, obodonlashtirish va yashil hududlarni ko‘paytirishga erishiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 iyuldagi “Toshkent shahrini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha huquqiy eksperimentni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori Toshkent shahrida yangilanishlar va o‘zgartirish amalga oshiriladigan 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab berdi:
Yo‘llar
Turizm
Ekologiya
Renovatsiya va qurilish
Kommunal xo‘jalikni rivojlantirish
Aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi.
Dasturdagi har bir yo‘nalishda tizimli ishlarni oshirishdan ko‘zlangan maqsad Toshkent shahrini kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolardan xoli hududga aylantirish, ko‘plab istirohat bog‘lari, sayilgohlar va xiyobonlarga ega qulay hamda xavfsiz shahar, yo‘l infratuzilmasini yaratish, shuningdek, aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini oshirishdan iborat.
TOSHKENT YO‘LLARI…
Shaharda qulay harakatlanish, shuningdek, poytaxtda tirbandliklarning kamaytirish maqsadida 1 000 km. ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Bundan tashqari, shahar bo‘ylab qo‘shimcha 16 ta ko‘prik rekonstruksiya qilinadi, 170 km. veloyo‘laklar quriladi va “Aqlli chorraha” dasturi doirasida 600 dan ortiq svetofor o‘rnatiladi.
Shahar bo‘ylab avtomobillarda qulay harakatlanishni yo‘lovchilar oqimi katta bo‘lgan 6 ta metro bekati yaqinida ko‘p qavatli avtoturargohlarning qurilishi hamda shaharning jadal transport oqimiga ega 3 000 o‘rinli parkomatlarning o‘rnatilanadi.
Shuningdek, transport infratuzilmasini mustahkamlash maqsadida transport bilan qamrab olish 30 foizdan 60 foizgacha oshadi. Qo‘shimcha 1 200 elektrobusning xarid qilinishi elektr dvigatelda harakatlanadigan transport ulushini 50 foizgacha oshiradi (hozirgi ko‘rsatkich – 17%). Bundan tashqari, “Do‘stlik” metro bekatidan Yangi Toshkent tumanigacha 115 ming yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan yer usti metro yoki tramvay tarmog‘i quriladi.
RENOVASIYA VA QURILISH
Poytaxtni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi dasturi doirasida aholi uchun arzon uy-joylar dasturi amalga oshiriladi, bunda 2030 yilgacha Toshkent shahrida 230 mingta zamonaviy va arzon uy-joy quriladi, 1,7 ming xonadon rekonstruksiya qilinadi.
Bundan tashqari, yangi turar-joy majmualari qurilishi “aqlli” shaharsozlik tamoyiliga asoslanadi, bu esa rivojlanish hajmiga mos ravishda ijtimoiy infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi. Mazkur tamoyilga ko‘ra, qurilayotgan turar-joy majmualari barcha zarur infratuzilma, jumladan, elektr va suv ta’minoti tizimlari, suv oqova va boshqa kommunal tarmoqlar, shuningdek, bolalar bog‘chalari, maktablar va boshqa ijtimoiy ob’ektlar bilan ta’minlanadi.
Ijtimoiy infratuzilma ham o‘zgartiriladi — poytaxtda 2 ta ko‘p tarmoqli 450 o‘rinli shifoxona quriladi. Shuningdek, 35 ta yangi poliklinika qurilishi, 65 ta tibbiyot muassasasini kapital ta’mirlash hisobiga tibbiy xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobar oshiriladi.
Toshkent shahrida ta’lim sohasining yangilanishi yoshlarning oliy o‘quv yurtlaridagi o‘rinlar bilan ta’minlashni 47 foizdan 60 foizgacha yetkazish, umumta’lim maktablaridagi o‘rinlar sonini uchdan birga (430,1 ming o‘ringacha) oshirish va 115 ta maktabda kapital ta’mirlashni amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek nomidagi zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, kutubxonalar, sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar va BigData bilan ishlash markazlarini o‘z ichiga olgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi “Iste’dodlar maktabi”ni qurish rejalashtirilgan.
Renovatsiya dasturidan 50 ming o‘ringa mo‘ljallangan 400 dan ortiq MTT faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, mavjud 240 ta MTTni kapital ta’mirlash ham ko‘zda tutilgan. Bu MTTlar o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyojni 100 foiz (hozirgi ko‘rsatkich 77,1 foiz) ta’minlaydi.
Shaharni kengaytirish va innovatsion ma’muriy markaz va turar-joy massivlarini barpo etish doirasida 2030 yilgacha zamonaviy shaharsozlik, qulay yashash va dam olish hududi bo‘lgan “Yangi Toshkent” loyihasi amalga oshiriladi.
KOMMUNAL XO‘JALIK
100 dan ortiq mahalladagi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 800 kilometr suv tarmoqlarini yotqizish, 185 km. suv tarmoqlarini yangilash va uning hududidagi quduq va gidrantlarni yangilash hisobiga mavjud suv ta’minoti muammosi hal etiladi. Bu ichimlik suvi sifati oshishiga ham xizmat qiladi.
Infratuzilmani yangilash va modernizatsiya qilish orqali shaharni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan energiya ta’minoti tizimi ham yangilanadi va mustahkamlanadi.
Mavjud 8 500 kilometr elektr tarmoqlarining 5 000 kilometri almashtiriladi yoki qayta tortiladi. Shuningdek, 4 500 ta elektr uskuna (elektr ustunlari), mavjud 4 000 transformatordan 1 600 tasi almashtiriladi yoki yangidan o‘rnatiladi.
ISSIQLIK TA’MINOTI TIZIMI
Issiqlik ta’minotida 181 ta tizim ob’ektlari modernizatsiya qilinadi, 1 500 km. issiqlik tarmoqlarini yangilash va issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotish darajasini 25 foizga kamaytirishni o‘z ichiga oladi.
Qulay va xavfsiz shaharni yaratish dasturi, shuningdek, videokuzatuv tizimlarini yaratish, chorrahalarni intellektual boshqarish, binolar fasadini rekonstruksiya qilish va reklama konstruksiyalarini o‘rnatishni tartibga solishni o‘z ichiga oladi.
TURIZM
Bugungi kunda Toshkent shahrida 23 234 o‘rinli 297 ta mehmonxona ro‘yxatga olingan. 2030 yilgacha shaharning turistik salohiyatini rivojlantirish maqsadida poytaxt mehmonxonalaridagi o‘rinlar soni 38,5 mingtaga yetkaziladi, qo‘shimcha 200 dan ortiq turistik ob’ektlar quriladi.
Toshkent shahridagi turistik o‘rinlar sonini kengaytirish bilan birga, Toshkent shahrining turizmni rivojlantirish dasturi doirasida shahar sirki rekonstruksiya qilinadi, hunarmandlar ko‘chasi, tarixiy-badiiy muzey barpo etiladi.
Sayyohlar (mahalliy va xorijiy) sonini 5,2 million kishidan 27,5 million kishiga oshirish maqsad qilingan.
EKOLOGIYA
Poytaxtni kelgusi 7 yilga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturida shaharning ekologik holatiga alohida e’tibor qaratilgan. Dasturda kamida 1 million tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish, shuningdek, 32 ta mavzuli bog‘lar va sayilgohlarni barpo etish hamda butun shahar bo‘ylab 30 ta yashil maydon va xiyobonlarni barpo etish nazarda tutilgan, bu esa Toshkent shahridagi yashil hududlar maydonini 900 gektardan 5 ming gektargacha oshirish imkonini beradi.
Yangi Toshkent hududida umumiy maydoni 35 gektar bo‘lgan sun’iy ko‘l va 50 gektar maydonli akvapark, istirohat bog‘lari tashkil qilinishi shaharda mikroiqlim yaratishga ko‘maklashadi.
AHOLINING IJTIMOIY-IQTISODIY FAROVONLIGI
Aktivlarni samarali boshqarish, shuningdek, jahonning yetakchi poytaxtlari tajribasiga asoslangan yangi yondashuv Toshkent shahrida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti hajmini 2030 yilga borib hozirgi 178,9 trillion so‘mdan 500 trillion so‘mgacha, 4,6 ming dollardan 9 ming dollargacha oshirish imkonini beradi. Bunday imkoniyat shahar resurslaridan foydalanishning yangi usullari, shuningdek, eksport, investitsiyalar, sanoat sektori va boshqa sohalar kabi ko‘rsatkichlarni oshirish hisobiga vujudga keladi.
Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga investitsiyalar hisobidan jalb qilingan 40 milliard dollarlik (2023 yilda 2,9 milliard dollarga nisbatan) loyihalarning amalga oshirilishi eksport hajmini 4 milliarddan 7,5 milliard dollargacha oshirish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatning ulushi 122,8 trillion so‘mdan 300 trillion so‘mga oshishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida shahar aktivlari va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ob’ektlarini boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, shahar hokimligi oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishish uchun Toshkent shahar hokimligi huzurida davlat va tadbirkor o‘rtasida asosiy yo‘nalishlarda “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi “Toshkent Invest” kompaniyasi tashkil etiladi.
Xususan, kompaniya zimmasiga davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning yangi tizimini joriy etish; qurilish, kommunal va shahar mulkini boshqarish; xususiy investorlar bilan birgalikda amalga oshirish uchun ruxsatnomalar va loyiha hujjatlari bilan birgalikda “tayyor biznes” loyihalarini tayyorlash; davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish, shahar mulkini boshqarish va samaradorligini oshirish; kompaniya hisobotlarini xalqaro standartlarga muvofiq yuritish; ISO, ERP, SAP tizimlarini joriy etish yuklatiladi.
Shubhasizki, Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining hayotga tatbiq etilishi shaharni dunyo poytaxtlari reytingida tubdan yangi bosqichga olib chiqadi. Shahar aktivlarini boshqarish samaradorligini tizimli ravishda oshirish, fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish barchamizga nafaqat eng ilg‘or shahar, balki dunyodagi eng rivojlangan shaharlari qatori eng ilg‘or jamiyatga aylanishimizga yordam beradi.
O‘zA