Joriy yilning 27 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali ayol kishining turmush o‘rtog‘iga haqoratli so‘zlarni aytib, farzandini urib, haqorat qilganligi haqida tarqalgan video material yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, joriy  yilning 19 iyul kuni Qorao‘zak tumani “Qutli makon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro P.J. Qozog‘iston Respublikasida ishlab yurgan turmush o‘rtog‘i K.S. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida voyaga yetmagan farzandi T.J.ga tazyiq o‘tkazib, uni haqorat qilganligi tasvirlangan videoni turmush o‘rtog‘i K.S.ga telegram messenjeri orqali yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan 27 iyulda Qorao‘zak tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro P.J.ga nisbatan JKning 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, mazkur oilada tarbiyalanayotgan uch nafar voyaga yetmaganlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan ularning holidan xabar olinib, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda ichki ishlar organlarining psixolog xizmati xodimlari jalb qilindi.

Hozirda voyaga yetmaganlar Qozog‘iston Respublikasidan qaytib kelgan otasi K.S.ning qaramog‘iga topshirildi.

Jinoyat ishi tergovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA