O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, mehnat daromadini olishga yo‘naltirilgan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hisoblandi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ularning faoliyat turlari xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov quyidagilarni gapirib berdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 80 ta shunday faoliyat turlari mavjud. Xususan, bular avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati, rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish), uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati, gips va ganchdan buyumlar yasash, kulolchilik, kibersport faoliyati, video va fotosuratga olish xizmatlari, kalitlar tayyorlash kabi faoliyat turlari hisoblanadi.

– O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qanday turdagi soliq to‘laydi?  

– O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonuni 36-moddasiga mufoviq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlar jismoniy shaxsning yalpi daromadi tarkibiga kiritilmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida amalda ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdori summasining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ijtimoiy soliq to‘laydi. Ushbu soliq summasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘liq yo‘naltiriladi va shundan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqi miqdori aniqlanadi.

Soliq kodeksining 369-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilanadigan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari, shu jumladan talabalarning O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tashkilotlari hududida pulli o‘quv kurslarini, sport to‘garaklarini tashkil etishdan va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari jami daromad tarkibiga kiritilmasligi belgilangan.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat bilan shug‘ullanyotgan shaxslarga daromad solig‘i solinmaydi faqat belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lashsa bo‘ldi.

– O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga qanday imtiyozlar belgilangan?  

– O‘zbekiston Respublikasi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga mufoviq quyidagi imtiyozlar belgilangan:

Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirish davri pensiya olish huquqiga ega bo‘lingan paytdan e’tiboran yoshga doir pensiyani hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olish davri, mehnat faoliyati bu davrda o‘zini o‘zi band qilish tartibida amalda bajarilgani yoki bajarilmaganidan qat’i nazar, pensiyani tayinlash uchun mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi. Mahalliy mehnat organlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun tijorat banklariga tavsiyalar beradi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan kasbga o‘qitish markazlarida (kasb-hunar ta’limi muassasalarida) qisqa muddatli kasbga o‘qishni, shuningdek tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qishni bepul o‘tashi mumkin. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasbga o‘qitishni tashkil etish va o‘qitish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Mahalliy mehnat organlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga mehnat asbob-anjomlarini, shaxsiy himoya vositalarini va ish kiyimini imtiyozli ijaraga berish punktlarini tashkil etadi.

– O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qachon bunday maqomni yo‘qotishi mumkin?  

– “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan shaxslar o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga, shuningdek ish beruvchiga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu talablarga rioya etilmagan taqdirda, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z maqomini yo‘qotadi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA