O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” mavzusida qardosh xalq yozuvchi va shoirlari asarlari ko‘rgazmasi hamda adabiy anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir va jurnalist G‘ayrat Majid, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aqchagul Tulegenova va boshqalar mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlashga ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

–O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar baynalmilal ruhi bilan ahamiyatga molik, – dedi taniqli shoir va jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Barcha tadbirlarimiz xalqaro miqyos kasb etishi, millatlararo do‘stlik va ahillikni mustahkamlashdek ezgu maqsadlarga qaratilgani e’tiborlidir. Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tgan adabiy forumlar, TURKSOY platformasi doirasidagi adabiy anjumanlar shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ayni paytda “Turkiy adabiyot durdonalari”ning yuz jildli to‘plami chop etildi. Endilikda jahon bolalar adabiyotiga oid yirik adabiy to‘plam nashrga tayyorlanmoqda. Bularning bari mamlakatimizda do‘stlik, hamjihatlik faoliyatimizda ustuvorlik o‘rin tutishini yana bir bor tasdiqlaydi.

–Kitob bizni bir-birimizga yanada yaqinlashtiradi, –dedi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev. – Mamlakatimizda turli millatlar – turkman, ozarbayjon, rus, qozoq, tojik va boshqa xalq ijodkorlarining asarlari chop etilishi millatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashi bilan birga kitobxonlikni rivojlantirishga, ijodkorlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Ustoz jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevning ta’kidlashicha, Alisher Navoiy bilan Abdurahmon Jomiy yozishmalarida, Maxtumquli va boshqa qardosh xalqlar adib va shoirlarining asarlarida do‘stlik mavzusi ustuvor o‘rin tutadi.

Tadbirda mamlakatimizda turli tillarda ijod qiluvchi shoirlar ishtirokida mushoira bo‘lib o‘tdi. Qardosh xalqlar adabiyotiga oid kitoblar ko‘rgazmasi ko‘pchilikda  katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Nazokat Usmonova,  

Ahmadjon To‘ra (suratlar)  

O‘zA