O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, fan arbobi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodovning “Xalq so‘zi” gazetasining 11 aprel sonida e’lon qilingan “Millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasida ta’lim sohasi o‘ta kuyinchaklik bilan yoritilgan. Uni o‘qigach, jonajon vatanimizning oddiy bir fuqarolari sifatida o‘zimizni o‘ylantirib kelayotgan ko‘pgina savollarga javob topgandek bo‘ldik.

Taraqqiy etgan jamiyatdagina inson o‘zi va farzandlarining turmush darajasi yaxshilanib, rasmana erkin inson sifatida hayot kechira olishiga ishonadi. Ammo, anglab yetishimiz kerakki, yoshlarimizga ilm-ma’rifat ulashish, ularning yuksak intellekt va o‘tkir zehn sohibi bo‘lib ulg‘ayishlariga bolaligidan, kerak bo‘lsa, undan ham avvalroq kirishish — bunday jamiyatga erishishning yagona yo‘li hisoblanadi.

Taraqqiy etgan davlat borki, u yerda ta’lim madaniyati shakllanganini, bunday jamiyat a’zolari ta’lim muassasalariga har tomonlama ko‘maklashishni va ustoz-murabbiylarni hurmatlashni o‘zlarining burchi deb hisoblashini ko‘rishimiz mumkin. Xo‘sh, ta’lim madaniyati o‘zi nima?

Ta’lim madaniyati, bu — jamiyatning ta’limga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatuvchi va uning rivojlanishini belgilovchi qadriyatlar, me’yorlar va amaliy harakatlar majmui. 

Ta’lim sohasida madaniyati yuksalgan xalq bilimga intiladi, tanqidiy fikrlash qobiliyatini o‘stiradi, o‘qituvchiga va ta’lim sohasidagi boshqa mutaxassislarga hurmat bilan qaraydi, uzluksiz o‘rganish va o‘z-o‘zini rivojlantirishga tayyor turadi. Ta’lim madaniyati bilim berish yo‘llari, o‘rgatish jarayonini tashkil etish va uni baholash, ijodiy va ilmiy faoliyat uchun sharoit yaratish, ta’lim orqali ijtimoiy mas’uliyat va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishni ham qamrab oladi.

Ta’lim madaniyati jamiyat rivojining eng muhim tarkibiy qismidir, chunki u jamiyat a’zolarining innovatsiya va taraqqiyotga, shuningdek, o‘zni rivojlantirish va o‘zini o‘zi tashkil etish qobiliyatini belgilaydi.

Maqolada aholining intellektual rivojlanishi mamlakatning milliy g‘oyasiga aylanishi mumkinligi ta’kidlangan. Darhaqiqat, ta’lim va aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish har qanday davlatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishining asosiy omillari hisoblanadi. Agar davlat o‘z sa’y-harakatlarini ta’lim darajasini oshirish, fan va texnologiyani rivojlantirishga qaratsa, bu odamlarning hayot sifatini yaxshilash, iqtisodiyotni mustahkamlash va milliy raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatidagi ilk uchrashuvini Fanlar akademiyasi a’zolari, yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan o‘tkazib, bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotganini, zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin ekanini bejiz ta’kidlamagan edi. Shundan buyon o‘tgan 5-6 yil ichida ta’lim sohasida yurtimizda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi, maktabgacha, o‘rta va oliy ta’limni qo‘llab-quvvatlash, aholining intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida misli ko‘rilmagan ishlar qilindi. Nega?

Ko‘pgina davlatlar o‘zlarining rivojlanish strategiyalariga ta’lim, fan va texnologiyaning ustuvor yo‘nalishlarini allaqachon kiritgan. Misol uchun, Finlyandiya ta’lim sohasida dunyodagi eng yaxshi mamlakatlardan biri sifatida tan olingan, bu esa unga jahon iqtisodiyotida raqobatbardosh ustunlikni beradi. Yaponiya va Janubiy Koreya fan va texnologiyalarni rivojlantirish dasturlari bilan ham mashhur bo‘lib, bu borada jahon iqtisodiyotida yetakchilikni qo‘ldan bermay keladi. To‘g‘ri, barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun mamlakat hukumati tomonidan ta’lim va fanni rivojlantirishga yetarli miqdorda mablag‘ ajratilishi ham muhim ahamiyatga ega. Biroq, intellektual rivojlanish mamlakatning milliy g‘oyasiga aylanishi uchun u aholining barcha qatlamlarini qamrab olishi va istisnosiz, barcha birdek ta’lim tizimini yaxshilashga safarbar bo‘lishi zarur.

Eslab o‘tganimiz, maqolada bugungi kunning o‘ta dolzarb muammosi — sifatli ta’lim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlodni tarbiyalash masalasi ko‘tarilgan. Sifatli ta’lim va samarali ilm-fan asosida yuksak intellektual saviyaga ega avlodni tarbiyalash jamiyat taraqqiyotining muhim yo‘nalishi bo‘lib, kelajakda mamlakatimiz ravnaqi va jahon hamjamiyatida raqobatbardoshligini ta’minlay olishi haqida mulohaza yuritilgan. Qo‘shimcha qilib shuni aytishimiz mumkinki, buning uchun tanqidiy fikrlashni, ijodkorlik va murakkab muammolarni hal qilish qobiliyatini rivojlantirishni rag‘batlantiradigan ta’lim tizimini yaratish kerak.

Yuqori intellektual saviyali avlodni tarbiyalashning asosiy elementlaridan biri sifatli ta’lim olish uchun sharoit yaratishdir. Bunga eng yaxshi o‘qituvchi va pedagoglarni jalb etish, o‘qitish uslublari va texnologiyalarini yangilash, ta’limni aholining barcha qatlamlari uchun qulay qilish kiradi.

Yana bir muhim jihat — samarali ilm-fan jamiyat taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchiga aylanib, yoshlarni turli sohalarda izlanish va rivojlanishga undaydi. Bu yoshlarni diversifikatsiya qiladi va ularni turmushdagi muammolarni osonroq yecha olishga tayyorlaydi.

Umuman olganda, yuksak intellektual saviyaga ega avlodni tarbiyalash har qanday davlat uchun muhim strategik vazifa bo‘lib, unga davlat, ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar, eng asosiysi — ota-onalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan erishiladi.

Bugun yon-atrofga razm solsangiz, ko‘pchilik hamyurtlarimizning farzand tarbiyasiga, uning o‘qib-o‘rganishiga munosabati o‘zibo‘larchilik holatida ekanidan achinasiz. Ba’zilar “farzandni dunyoga keltirdim, u yog‘iga taqdirida yozgani bo‘ladi”, deya, uning sog‘lom o‘sishi va sifatli ta’lim olishiga e’tibor ham bermay qo‘ygan.

Ularni ham bir qadar tushunish mumkindir: yurtdoshlarimizning pul topish, orzu-havasdagidek uy tiklash, el-yurtga to‘y berish kabi birlamchi yumushlari bor. Biroq, o‘z bolasiga yaxshi ta’lim-tarbiya berish bularning barchasidan muhimroqdir.

Shu o‘rinda bir sinf rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi ota-onalar guruhiga yozgan iltimosini (iltijosini) keltirsak: “Hurmatli ota-onalar! O‘quv yili tugashiga sanoqli kunlar qoldi. Sizlardan qattiq iltimos, farzandingizni boshqaring, unlardan qimmatli vaqtingizni ayamang! Konspekt daftarlarini tekshiring, ba’zi fanlardan daftari ham yo‘qligini ko‘rasiz. Ya’ni ularning aksariyati sinfda ishlamaydi. Bolalarni nazoratsiz va e’tiborsiz qoldirmang. Yaxshi o‘qimagan va dars qoldirgan bolalarda keyinchalik muammolar bo‘lishi mumkin. Ko‘pgina fanlardan juda past baholar to‘plangan yoki yomon baholar mavjud. Eslatib o‘taman, 11-sinfni bitirgach, beriladigan yetuklik attestati 6-sinfdan boshlab baholarni o‘z ichiga oladi. Agar birortangizning savolingiz bo‘lsa, menga qo‘ng‘iroq qiling”.

Ba’zida muallimlar odamlarning o‘z farzandlari taqdiriga bunchalik befarqligiga chiday olmasdan, guruhdagi ota-onalarga achchiq-achchiq gapirishga majbur bo‘ladi. Ayrimlari bilan tortishadi. Chunki birovning farzandi bo‘lsa-da, hozir o‘smir yoshidagi o‘sha bolalar — bizning kelajagimiz.

Prezidentimiz jamiyatni isloh qilish avvalo mahalladan boshlanishi haqida bejiz takror va takror ta’kidlayotgani yo‘q. Ota-ona, yaqin qarindosh, hatto mahalla a’zolari ham bunga befarq bo‘lmasligi, ertangi kunimiz hozirgi yoshlar qo‘lida ekanligini unutmasligi shart! Nega desangiz, chetdan birov kelib bolalarimizning aqlini charxlamaydi, ongini o‘stirmaydi, ularning har jihatdan yetuk inson bo‘lishi o‘zimizga bog‘liq!

Shu o‘rinda farzand kamolotida onaning o‘rni mislsiz ekanini ta’kidlamasdan ilojimiz yo‘q. Tan olish joiz, ona ham, ota ham bola intellektini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi, bunda ularning hissasi teng. Biroq, turli sabablarga ko‘ra, bola aql-zakovatining rivojlanishida otadan ko‘ra onaning roli muhimroq.

Birinchidan, onalar odatda bolani oziqlantirish, cho‘miltirish va hokazo kabi jismoniy parvarishlash uchun ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazadi. Xuddi shu davrda intellektual o‘sishning poydevori qo‘yiladi. Ona muloqot qilish, kitob o‘qish, o‘yinlar, rivojlanishga ko‘proq vaqt ajratishi mumkin, bu esa bola intellektini yuksaltirishga ijobiy ta’sir qiladi.

Ikkinchidan, hissiy qo‘llab-quvvatlash: onalar ko‘pincha bola uchun birinchi va asosiy hissiy yordam manbai hisoblanadi. Ular bolaga qayg‘uli, tashvishli vaziyatda yoki qo‘rqqanida tasalli berishi mumkin. Bu bolalarda ishonch va o‘zini hurmat qilish tuyg‘ularini rivojlantirishga, har qanday muhitda o‘zini qulay his etishiga va yangi bilimlarga qiziqishiga yordam beradi.

Uchinchidan, axloq va qadriyatlarni tarbiyalash: bolaning axloqi va qadriyatlarini shakllantirishda onalar asosiy rol o‘ynaydi. Ular bolalarga ijtimoiy me’yorlarni, mehr-oqibat, rahm-shafqat, boshqalarga hurmat va hokazolarni o‘rgatishlari mumkin.

Va nihoyat, ta’lim: onalar ko‘pincha bola uchun birinchi o‘qituvchi rolini o‘ynaydi, unga o‘qish, yozish, matematika asoslarini o‘rgatadi. Bu — bolaning kognitiv qobiliyatlarini rivojlantirish va kelajakda o‘qishda muvaffaqiyatga erishishi uchun muhimdir. Ko‘pgina mamlakatlarda onalar bolalarning ta’limda tanlovi va ishtiroki uchun ko‘proq mas’uldirlar, shuning uchun ularda o‘qishni tashkil qilish va bolaning rivojlanishini nazorat qilish ehtimoli ko‘proq. Shu bois ham Yaponiya, Germaniya, Isroil singari davlatlarda onaning farzand hayotidagi o‘rniga juda katta e’tibor qaratiladi. Bu va boshqa ko‘plab omillar onalar nima uchun bolalarni tarbiyalashda muhim rol o‘ynashini anglatadi. Biroq, ota-ona tarbiyasi odatda ikkala ota-onani, shuningdek, bolaning hayotidagi boshqa kattalarni, masalan, bobo-buvilar, qarindosh-urug‘ va boshqalarni qamrab oladigan jarayondir.

Xalqimizda “Osh berib boqsang, tosh berib boqadi”, degan naql bor. Buni bolaga o‘ta qattiqqo‘l bo‘lish kerak deb emas, balki uning yurish-turishidan tortib, qanday ta’lim olayotgani, qiziqishlari va qobiliyatiga qarab biror kasbni tanlashigacha qattiq nazoratda ushlash zarur deb tushunishimiz lozim.

Agar biz hozirgi tahlikali va har kuni qiyofasini yangilab turgan zamonda munosib yashab qolishni, kelgusida “tenglar ichra teng” bo‘lishni istasak, ilm-fan va intellekt jihatdan boshqa xalqlardan ortda qolishga haqqimiz yo‘qligini anglashimiz zarur. Mamlakatimizning har bir fuqarosi ta’lim madaniyatini yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shsa, tez orada buning mevalaridan barchamiz bahramand bo‘lamiz, hech bo‘lmaganda, avlodlarimiz — o‘g‘il-qiz, nevaralarimiz buning rohatini ko‘rishiga erisha olamiz. Ayni kuch-quvvatga to‘lgan yigit-qizlarimiz o‘zga yurtlarga yo‘li tushganida oddiy mardikor bo‘lganidan ko‘ra, yuqori malakali mutaxassis bo‘lib ishlasa, o‘z yaqinlariyu, yurtiga ko‘proq foydasi tegadi, xorijliklar ko‘z o‘ngida O‘zbekistonning havas qilgulik siymosini yaratadi, imijini yaxshilaydi.

Yer yuzidagi jonzotlarning barchasi o‘z bolasining qorni to‘q, turli balo-ofatlar va xavf-xatardan xoli yashashini istaydi. Faqatgina inson zotigina shularga qo‘shib o‘z bolasiga fahm-farosat, bilim, zehn, hunar, tarbiya beradiki, hozirda aholisi yaxshi yashaydigan davlatlarning fuqarolari bu borada bizdan o‘zib ketgan. Vaholanki, yurtimizda yashab o‘tgan olim-u fuzalolar, millat oydinlari ilm o‘rganish orqaligina taraqqiyotga erishish mumkinligidan ko‘p bora ogohlantirib ketganlar.

Endilikda biz jonajon yurtimizda ta’lim madaniyatini shakllantirish orqaligina, yuksak marralarga erishishimiz mumkin. Xayriyatki, bugungi O‘zbekistonda ta’lim madaniyatini shakllantirishga davlat tomonidan birlamchi ustuvor vazifa sifatida qarala boshlandi. Hozirda davlat bu borada o‘z majburiyatlarini to‘la-to‘kis bajarishga kirishdi.

Yaqinda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 50-moddasida fuqarolarning ta’lim olish huquqlari kafolatlab qo‘yildi. Yurtdoshlarimiz nima sababdan hukumat bunga qattiq kirishganligini anglab yetishlari va bu sa’y-harakatlarni amaliy natijalar bilan qo‘llab-quvvatlashlari kerak. Shundagina biz o‘zimiz ko‘zlagan nurli manzillarga yaqinlasha boshlaymiz, mamlakatimiz esa hozirgidan ham gullab-yashnaydi.

G‘ofir HAMROEV, 

Oliy Majlis Senatining 

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash 

masalalari qo‘mitasi mas’ul xodimi, 

pedagogika fanlari doktori.

Mavlon BOBOXONOV, 

Sharof Rashidov nomidagi 

Samarqand davlat universiteti 

filologiya fanlari nomzodi, dotsent