Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyo: o‘zgarishlar davrida barqaror rivojlanish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ushtirilgan tadbirda vazirlik, idoralar vakillari, yetakchi tahliliy markazlar mutaxassislari ishtirok etdi.

Ekspertlar Markaziy Osiyoga oid muhim voqeliklar, jumladan, iqtisodiy barqarorlik, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik xususida so‘z yuritib, mintaqada o‘zaro bog‘liqlik tamoyilini yuqori bosqichga olib chiqish masalasini tahlil qilishdi.

So‘nggi yillarda mintaqamiz davlat rahbarlari siyosiy irodasi tufayli jadal rivojlanib, barqarorlik, birdamlik va xalqaro sub’ektivlik xususiyatini namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarda ilgari surilayotgan, qat’iy irodaga asoslangan taklif, tashabbuslar Markaziy Osiyoda taraqqiyotiga turtki berayotgan hal qiluvchi omillar sifatida e’tirof qilinndi.

Yangicha mintaqaviy siyosat amalga oshirilishi Markaziy Osiyoni yagona savdo-investitsiya, transport-kommunikatsiya platformasiga aylantirishga erishish imkonini bergani qayd etildi.

Markaziy Osiyo allaqachon sarmoyaviy faollik, iqtisodiy o‘sish markazlaridan biriga aylangan. Ekspertlar fikricha, mintaqa davlatlari yalpi ichki mahsuloti so‘nggi besh yilda 20 foiz oshib, 370 milliard dollarga yetdi.

Muloqot chog‘ida yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani, ko‘pgina mamlakatlar kelajak iqtisodiyotiga faol o‘tayotgani urg‘ulandi.

Shu bilan birga mintaqalar o‘rtasida texnologik bo‘shliq ehtimoli sezilayotgani bois mintaqani rivojlantirish, tashqi dunyo bilan aloqani mustahkamlash dolzarb kun tartibiga chiqayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda global jarayonning Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya va boshqa yaqin mintaqalar rivojiga ta’siri mavzusi ham muhokama qilindi. Zamonaviy sharoitda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

Dasturga muvofiq, muloqot so‘ngida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb kun tartibi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.

Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA