Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar aholining keng qatlamlari, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sport va jismoniy tarbiya bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikramovning Qonunchilik palatasi parlament so‘roviga javobini muhokama qildilar.

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, imkoniyati cheklangan shaxslarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni tanlash, saralab olish, seleksiya qilish, shuningdek, mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish hamda trenerlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Taqdim etilgan javobda qayd etilganidek, joriy yilning o‘tgan davrida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholining ulushi 26,4 foiz, bunda o‘quvchi va talabalarning ulushi 23 foizni tashkil etdi. Aholining jismoniy tayyorgarligi va salomatligi darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatkich 16 foizga yetdi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida 94 ta “talabalar sport o‘yinlari” o‘tkazilib, ularda 104 ming nafardan ortiq talabaning ishtiroki ta’minlandi. Aholi o‘rtasida jami 28 ming marotaba “Yoshlar haftaligi”, “Xotin qizlar haftaligi”, “Mahalla va nuroniylar haftaligi”, “Ta’lim muassasalari haftaligi” tadbirlari tashkil etilib, ularda 9 milliondan ortiq aholi vakillari va yoshlar qatnashdi. Bundan tashqari, “Armiya o‘yinlari” dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha 23 ta sport musobaqasi tashkil etildi va ularda 3,1 ming nafar ishtirokchi qamrab olindi.

Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilganidek, hududlarda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ikki mavsumdan iborat ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, joriy yilning 4-11 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan 1-mavsum ommaviy sport musobaqalarining birinchi (ko‘chalararo-mahalla) bosqichida jami 3,3 mln. (shundan, 1,3 mln. qizlar) nafar yoshlar qamrab olindi.

Mazkur musobaqalar tasarrufida adaptiv sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasida joriy yildan boshlab 16-30 yoshlilar o‘rtasida sportning para yengil atletika, para shashka, para shaxmat, para stol tennisi va para kibersport turlari bo‘yicha ommaviy musobaqalar o‘tkazildi.

Ilk bor tuman bosqichidan boshlab (tuman–hudud–respublika) uch bosqichda o‘tkazilgan parasport turlarida 13 ming nafar (shundan, 5 ming nafari qizlar) yoshlar ishtirok etdi.

Majlisda deputatlar parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilganini e’tirof etdilar va vazirning javobini ma’lumot uchun qabul qildilar.

M.Komilova, O‘zA