Shu yilning 30 aprelida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon ijrosi doirasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudga yangi vakolatlar berilmoqda. Jumladan, endi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga olib chiqiladigan masalalar dastlab Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqiladi va uning Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yil muddatga saylanishi belgilanyapti. Ilgari Konstitutsiyaviy sud sudyalari 5 yilga, keyin 10 yil muddatga saylanar edi.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Deputatlar qonun loyihasining muhimligini alohida ta’kidlab, fikrlarini, takliflarini bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA