Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘laridan tadbirkorlik sub’ektlariga: 

kasanachilikni tashkil etgan mahallalar joylashgan hududdan qat’i nazar, har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida;

2025 yil 1 yanvarga qadar kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish bo‘yicha xarajatlarini qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda;

kasanachilik yoki hunarmandchilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda;

kasanachilarni kasb-hunarga o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni uch oygacha bo‘lgan muddatda qoplash uchun, biroq har bir kasanachi uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha miqdorda;

nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasanachilik yo‘nalishida o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchiga kasbga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiyalar ajratish ko‘zda tutilgan.

Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tuman (shahar)larning toifasiga qarab: “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha; shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish xarajatlarining 75 foizdan oshmagan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha;

ustalarga – internet saytlarini yaratish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 75 foizdan oshmagan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha;

hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha subsidiya ajratiladi.

Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jalb qilingan har bir kasanachi uchun 1 million so‘mgacha, biroq 2 yilgacha muddatga jami 150 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.

Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish;

tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiyalar va ssuda ajratish;

jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va moliyalashtirish;

jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish tartibi ham tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi:

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab, ish beruvchilar tomonidan homiladorligi yoki farzandi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish kabi holatlar bo‘yicha murojaatlarni qabul qiladigan “Sa11-markaz”ni ishga tushiradi.

Qarorga ko‘ra vazirlik “Call-markaz” orqali fuqarolardan tushayotgan barcha murojaatlarni umumlashtirish hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, ushbu murojaatlar bo‘yicha tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni talab qilish, shuningdek, qonunchilik talablarining buzilish holatlari aniqlanganda, belgilangan tartibda ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ham egadir.

O‘zA