FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi «Darbent» mahalla fuqarolar yig‘inida mavjud infratuzilmani yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bu yerda yashayotgan 5 ming 600 dan ziyod aholining turmush darajasini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘tgan yili mahalladagi  2 kilometrdan ortiq  ichki yo‘llar ta’mirlandi, qirqqa yaqin ko‘p qavatli turar joylarning kirish yo‘laklari soz holga keltirildi. Bundan tashqari quyosh panellari orqali ishlaydigan tungi yoritgichlar o‘rnatildi.

– Bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda mahallada ishsizlikni kamaytirish chora-tadbirlari ham izchil olib borilmoqda, – deydi “Darbent” MFY hokim yordamchisi Rohat Jaksimov. – Xususan, yil boshida ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan 85 fuqaroning bandligini kafolatlashga  jiddiy e’tibor qaratyapmiz. Hozirgacha ularning 5 nafari  jamoat ishlariga, 15 nafari kasbga tayyorlash markazlariga yo‘naltirildi, 40 nafarga yaqin  fuqaro esa o‘zini o‘zi band qilishi uchun subsidiya mablag‘lari va bank tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar evaziga yangi tikuv uskunalari,  oziq-ovqat va qandolat mahsulotlari tayyorlash uchun elektropechlar bilan ta’minlandi.

Hozirda mahalla hududida 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti  faoliyat ko‘rsatmoqda. «Islom stomodent» klinikasi, «Wunderkind» nodavlat  maktabgacha ta’lim muassasasi, Yoshlar o‘quv markaz shular jumlasidandir.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA