O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalarga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, ularni tamg‘alash, identifikatsiya qilish hamda muvofiqligini baholash tartibini nazarda tutuvchi Portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglament;

Portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni joriy etish sxemasi tasdiqlandi.

Mazkur Texnik reglament inson hayoti va salomatligini, mol-mulki va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iste’molchilarni chalg‘itadigan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida portlash xavfi bo‘lgan muhitda O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llanilishi va bajarilishi majburiy bo‘lgan yagona talablarni belgilaydi.

Texnik reglament talablari majburiy tartibda muvofiqligi baholanadigan portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalar ro‘yxatiga nisbatan qo‘llaniladi.

Reglament quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

portlash muhitida foydalanish mumkin bo‘lmagan texnik qurilmalar, o‘z tarkibida portlash xavfi mavjud bo‘lgan moddalar va beqaror kimyoviy birikmalarga (portlovchi moddalar, porox va boshqalar);

yonuvchan gazning kutilmaganda sizib chiqishi natijasida portlash muhiti hosil bo‘lgan sharoitlarda maishiy va nosanoat maqsadlarida foydalanish uchun gazdan foydalaniladigan uskunalarga;

O‘zbekiston Respublikasi chegarasi orqali tranzit olib o‘tilayotgan asbob-uskunalarga;

tibbiy mahsulotlarga;

shaxsiy himoya vositalariga;

umumiy foydalanishda bo‘lgan havo, avtomobil yo‘li, temir yo‘l yoki suv transportida o‘rnatilgan asbob-uskunalarga;

yadroviy tadqiqot asbob-uskunalariga va ulardagi portlash muhitida joylashgan asbob-uskunalarga.

Portlash xavfi bo‘lgan muhitlarda ishlatiladigan asbob-uskunalarni ishlatish qoidalari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.

O‘zA