Poytaxtimizda “Mening armiyam – mening faxrim!” mavzusida eng yaxshi tasviriy san’at asarlari tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Ijodiy ishlar vatanparvarlik, Vatanga va harbiy qasamyodga sodiqlik, Qurolli Kuchlar salohiyatini va harbiy xizmat hamda harbiy burchini tasvirlash kabi mazmuniy yo‘nalishlar bo‘yicha taniqli rassom va ijodkorlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, talaba va o‘quvchi yoshlar orasida o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kunini Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, xalqaro maydondagi nufuziga munosib, yuksak saviyada keng nishonlash va yosh avlodni vatanparvarlik, Vatanga sodiqlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi.

Tanlovga qatnashish uchun harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi tasviriy san’at va grafika yo‘nalishlari buyicha 600 dan ortiq ijodiy ishlar qabul qilindi.

Ko‘rgazma va tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tavsiya etilgan professional ijodkorlar, hay’at a’zolari tomonidan baholandi.

Tanlovda 650 ga yaqin ijodiy ishlar namoyish etildi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA