Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda fuqarolardan pensiya ta’minoti sohasiga oid muammolar yuzasidan kelib tushgan murojaatlari ijobiy hal etildi.

– Ushbu vazifa ijrosi davomida bir nechta fuqarolar, jumladan, “Dehqonobod” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi O.Seyfullayeva hamda B.Baydaqov, “Begjap” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi A.Seytniyazov va “Aqjap” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro M.Abdikalikovadan pensiyaga chiqishda ish stajlari to‘liq hisoblanmaganligidan noroziligi to‘g‘risida murojaat qildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Sharapat Shadibekov. – Aniqlanishicha, jami 27 yillik ish stajiga ega bo‘lgan fuqaro O.Seyfullayevaning ishlagan davrlaridan 15 yil 11 oy, jami 30 yillik ish stajiga ega bo‘lgan fuqaro B.Baydaqovning 12 yil 9 oy, jami 29 yillik ish stajiga ega bo‘lgan fuqaro A.Seytniyazovning 11 yil 2 oy hamda 21 yillik ish stajiga ega bo‘lgan fuqaro M.Abdikalikovaning 3 yil 2 oy ish staji ish haqi va ijtimoiy soliq to‘laganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganligi sabab qilinib, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Shumanay tumani bo‘limi tomonidan ushbu ish stajlarni pensiya tayinlashda hisoblashni rad qilingani ma’lum bo‘ldi.

Qonun talablariga asoslanib, mehnat daftarchalarida yuqorida ko‘rsatilgan mehnat stajlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilganligi sababli fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida tuman adliya bo‘limi tomonidan Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat arizalari kiritildi. Sud qarori bilan byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Shumanay tumani bo‘limiga fuqarolarning mavjud ish stajlarini qayta hisoblash bo‘yicha majburiyat yuklatildi.

– Uyma-uy yurib, fuqarolarning huquqiy sohadagi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbir davomida “Kenes” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi B.Madreymovdan ham pensiyaga chiqishda ish stajlari to‘liq hisoblanmaganligidan noroziligi to‘g‘risidagi murojaati kelib tushdi, – deydi Chimboy tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Azamat Yernashov. – Jami 35 yillik ish stajiga ega bo‘lgan fuqaroning 9 yil 8 oylik ish staji ish haqi va ijtimoiy soliq to‘laganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi sabab qilinib, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Chimboy tumani bo‘limi tomonidan pensiya tayinlashda hisobga olinmagan.

Qonun talablariga asoslanib, fuqaroning mehnat daftarchalarida yuqorida mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilganligi sababli fuqaroning qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat ariza kiritildi. Mazkur sud qarori bilan byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Chimboy tumani bo‘limiga ushbu fuqaroning mavjud ish stajlarini qayta hisoblash bo‘yicha majburiyat yuklatildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri