Joriy yilning 1 yanvaridan Toshkent shahridagi barcha avtobuslarda yo‘lkira to‘lovlarini naqd shaklda to‘lash to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.
Bu haqda O‘zA jamoatchilikka Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining poytaxt hududiy bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev intervyusi orqali ma’lum qilgan.
Mazkur intervyuda tizim mutasaddisi naqd pulda to‘lov qiluvchilar jarimaga solinishini aytib o‘tgan. Shuningdek, to‘lovlarni qabul qilishda haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilganini alohida eslatgan.
Inspektor intervyusida bunday holatlarda dastlab yo‘lovchilar va haydovchilar ogohlantirilishi, keyin esa ular MJtKning 144-(Chiptasiz sayohat) va 145-(Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) moddalari bo‘yicha jarimaga tortilishini ta’kidlagan.
Mas’ulning bu chiqishi tarmoqlarda keng jamoatchilik o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ma’lum muddat o‘tgach esa mazkur xabar Transport vazirligi tomonidan rad etildi. Vazirlik o‘zining telegram kanalida rasmiy munosabat bildirib, naqd pulda to‘lov qiluvchilar jarimaga tortilishini rad etdi.
“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 144-moddasida yo‘lovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi — BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan”,– deyiladi rasmiy munosabatda.
O‘zA