Bosh prokuraturada 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib borgan anjumanda qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan islohotlar natijasida prokuratura organlari faoliyati ham tubdan o‘zgardi.
Tadbirda yaqin istiqbolda prokuratura organlari oldida turgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, prokuraturaning har bir xodimi qalbidagi, ongu shuuridagi Vatanga, el-yurtga va islohotlarga sadoqat hissini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Bundan buyon ham odamlarning hayot darajasini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish, qulay tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni shakllantirish, iqtisodiyot barqarorligi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, ekologiya, madaniyat va sport kabi muhim sohalardagi islohotlar ro‘yobiga hissa qo‘shish prokurorlar kundalik faoliyatining muhim qismi bo‘lib qoladi.
Qonunchilik ijrosi ustidan nazorat ham keskin kuchaytiriladi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va tergov faoliyatini takomillashtirish doimiy e’tiborda bo‘ladi.
Tadbirda bu kabi ko‘plab vazifalarni samarali amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar, kuch hamda vositalar mavjudligi va ular ezgu maqsadlar yo‘lida to‘liq safarbar etilishi alohida qayd etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan soha vakillari prokuratura organlari tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar, e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun xalqimiz va davlatimizga minnatdorlik bildirib, el-yurt manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish oliy saodat ekanini yana bir bor qayd etdi.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis, Hukumat, vazirlik va idoralar vakillari, barcha darajadagi prokuratura organlari xodimlari hamda faxriylar ishtirok etdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA