Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining 2022-2023 o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Filial direktori Adilbay Yesimbetov katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan bitiruvchi yoshlarni samimiy tabriklab, ularning har biri jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va ustozlari tomonidan berilgan bilimlarni amaliyotga tatbiq etishiga katta ishonch bildirdi.

“Oq yo‘l, bitiruvchilar!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Shunday hayajonli onlarda farzandlari quvonchiga sherik bo‘lgan ota-onalar so‘zga chiqib, filial professor-o‘qituvchilariga samimiy minnatdorlik va ezgu tilaklarini bildirdi.

Veterinariya meditsinasi, zooinjeneriya (yilqichilik va tuyachilik), zooinjeneriya (baliqchilik)  ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olgan jami 75 nafar talabaga diplom topshirildi. Ta’kidlash joizki, hozirda 12 nafar bitiruvchi talaba-yosh korxona va fermer xo‘jaliklariga ishga joylashib, o‘z faoliyatini boshlamoqda.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri