Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatishga kelishish bo‘yicha muzokarada ishtirok etadi.
Saylangan Prezident ma’muriyati mojaroni hal qilishda oldinga siljish niyatini bildirdi va 20 yanvarga mo‘ljallangan Donald Trampning inauguratsiyasiga qadar XAMAS garovdagilarni ozod qilmasa, Yaqin Sharq “jahannamga” aylanishi bilan tahdid qildi. Bu haqda “Axios” yozgan.
– Agar garovga olinganlar men lavozimga kirishgunimcha qaytarilmasa, Yaqin Sharqda “jahannam yorilib ketadi” va bu XAMAS uchun ham, boshqalar uchun ham yaxshi bo‘lmaydi, – dedi Tramp.
Qayd etilishicha, G‘azoda garovga olingan 100 kishining 7 nafari amerikalik. Isroil razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, ushlab turilganlarning yarmiga yaqini, jumladan uch amerikalik tirik.
Agar kelishuvga erishilsa, sulhning birinchi bosqichi 33 mahbusni ozod qilish va G‘azoda 6-7 hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek yuzlab falastinliklarni ozod etishni nazarda tutadi.
2024 yil dekabr oyining so‘nggi haftasida Isroil va XAMAS o‘rtasidagi so‘nggi bilvosita muzokara muvaffaqiyat keltirmadi. Qo‘shma Shtatlar, Misr va Qatar vositachilari erishgan muayyan yutuqlar kelishuvga erishish uchun yetarli emas.
Isroil tomoni aytishicha, XAMAS bilan muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha yaqin bir necha hafta ichida kelishuvga erishilishi ehtimoli yaqin.
XAMASning Livandagi matbuot kotibi Ahmad Abdul Hodi dushanba kuni “Al-Mayadeen” telekanaliga “Netanyaxu qaror qabul qiladi, har qanday kelishuv G‘azodagi urushni to‘xtatish va Isroil qo‘shinini to‘liq olib chiqib ketishni ko‘zlaydi, harakatning pozitsiyasi shunday”, deya ta’kidladi.