Markaziy Osiyo davlatlari energetika tizimi, xususan, Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi energetika tizimi parallel ravishda ishlaydi.
Shuni hisobga olgan holda ikki mamlakat energetika kompaniyalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan elektr energiyasini yetkazib berish o‘zaro tovar ayirboshlash (olgan miqdori hajmida qaytarish) sharti bilan amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, 2023 yil bahor mavsumida O‘zbekistondan Qirg‘iz Respublikasiga (ichki iste’mol past davrda) 150 million kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.
O‘z navbatida, kelishuvga asosan ushbu hajmdagi elektr energiyasini Qirg‘iz Respublikasi O‘zbekistonga yoz mavsumida qaytaradi. Shu bilan birga, Qirg‘iz Respublikasi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi uchun shu davrda Norin daryosi orqali suv yetkazib beradi.
O‘zbekiston Respublikasi arzimagan mablag‘ evaziga Qirg‘iz Respublikasiga katta miqdorda elektr energiyasi yetkazib bergani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar shu jihatdan mutlaqo asossizdir, deyiladi munosabatda.
O‘zA