O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman (shahar)larining mahalliy byudjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalar hisobidan har chorakda ajratiladigan mablag‘lar;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlar grantlari hamda texnik ko‘mak mablag‘lari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

davlat-xususiy sheriklik asosida olinadigan daromadlarning taqsimlanishidan tushadigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalaridan tashkil topadi.

Jamg‘arma mablag‘laridan madaniyat va san’at sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlarni, ayniqsa, yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;

og‘ir iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj madaniyat va san’at xodimlarini aniqlash, ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini tashkil etish hamda moliyalashtirish;

madaniyat va san’at tashkilotlari faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash;

ijodkorlar, ijodiy va badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish;

madaniyat tashkilotlari binolari va ob’ektlarida qurilish-montaj ishlarini olib borish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalarni joriy etish;

qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xarajatlarni qoplashda foydalaniladi.

Madaniyat va turizm vazirligi Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 2023 yil uchun Madaniyat va turizm vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 20 milliard so‘m ajratadi.

                                                                                                            O‘zA