Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i I.Kazakovga Xo‘jayli tumanida istiqomat qiluvchi maxsus toifadagi jami 40 nafar yosh biriktirilgan. Ulardan 15 nafari nogiron, 10 nafari surunkali kasalligi bor va 15 nafari migratsiyadan qaytarilgan yoshlardir.
Mas’ul vakillar tomonidan ushbu yoshlarning holidan xabar olinib, mavjud muammo va masalalarga vakolat doirasida yechim topilmoqda. Jumladan 19 yoshli Dilafro‘z Maratova bolalikdan nogiron. Universitetga o‘qishga kirib, kelajakda iqtisodchi bo‘lish orzusida. Uning qiziqishi va qobiliyati hisobga olinib, mas’ul idoralar bilan hamkorlikda u “Yoshlar daftari” ga kiritildi. Unga bir martalik pul mablag‘i ajratilib, 6 oylik tayyorlov kurslariga qatnashish imkoniyati yaratib berildi. Ushbu imkoniyatdan oqilona foydalanib, tayyorlov kurslariga qatnashayotgan Dilafro‘z shu yil, albatta, o‘zi orzu qilgan o‘qishga kirishga intilmoqda.
Sirojbek Maxsetov esa birinchi guruh nogironi. Holidan xabar olgani kelgan boshqarma boshlig‘i I.Kazakov u bilan dildan suhbat qurib, dardiga shifo tiladi. Istagiga ko‘ra uni “Yoshlar daftar”iga kiritish choralari ko‘riladigan bo‘ldi. Bundan oldin esa malakali mutaxassislar tomonidan uyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan edi. Ushbu tumanda istiqomat qiluvchi Bo‘ston Saparbayevni ishsizlik muammosi qiynayotgan edi. O‘rta ma’lumotga ega yoshning muammosiga mas’ul bojxonachilar tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida ijobiy yechim topildi. U endi “Massaget Nukus servic” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchisi bo‘ldi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri