Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Anqara (Turkiya) shahrida o‘tkazilgan “Turkish Open” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Turnirning so‘nggi kuni hamyurtlarimiz uchun medallarga boy o‘tdi.
Jumladan, -87 kg vaznda birinchi raqamda saralangan Nikita Rafalovich barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, kechagi kun doirasida kutilmaganda musobaqa finalida ikki o‘zbek sportchisi to‘qnash keldi. Vazni 74 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasidagi so‘nggi hal qiluvchi bahsda hamyurtlarimiz Najmiddin Qosimxo‘jayev va Jasur Jaysunov raqobatlashdi. Mazkur bellashuvda J.Jaysunov g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, N.Qosimxo‘jayev kumush medalga ega chiqdi.
Shuningdek, 54 kilogrammgacha vaznda bellashgan Omonjon Otajonov musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu natija taekvondochilarimiz uchun “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘lidagi reyting ochkolarini taqdim etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri