O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi hamda Shinjon ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Qoraqalpog‘iston hududida sistanxe o‘simligini tajriba asosida yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur institut olimlari va mutaxassislari guruhi Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi. Xalqaro innovatsiya markazi direktori B.Habibullayevning mehmonlar bilan uchrashuvida sistanxe dorivor o‘simligini yetishtirish bo‘yicha tayyorgarlik choralari muhokama qilindi. Mehmonlar Chimboy tumaniga tashrif buyurib, o‘simlik o‘sadigan joylarni o‘rgandi. Tuman hokimligida rejalashtirilgan tadbirni amalga oshirishning keyingi bosqichlari muhokama qilindi. Ilmiy guruh tashrifining ikkinchi kunida Orol dengizining qurigan tubiga ekspeditsiya tashkil etildi. Bu yerda ishtirokchilar yaratilgan o‘rmon plantatsiyalarining turli joylariga tashrif buyurdi va sistanxeni yetishtirish uchun maqbul joylarni o‘rgandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA