Bu haqda “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Jahon banki suv resurslarini boshqarish loyihalari rahbari Abdulxamid Azad ma’lum qildi.
– O‘zbekiston suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasidan maqsad suv xo‘jaligi sohasidagi muammolarga yechim topish, shuningdek, mamlakatni kelajakda kutilayotgan suv tanqisligiga tayyorlash.
Yurtingizda suv resurslarining qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasida sarflanadi. Suvdan samarali foydalanish deganda faqatgina suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini tushunmaslik kerak. Sohani raqamlashtirish, xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirishga ham e’tibor qaratish zarur.
Yaqinda Qoraqalpog‘istonga borib keldim. Jahon banki ishtirokidagi “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasidagi ishlar bilan tanishdik. Shuningdek, “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish 2-bosqich” loyihasi ham amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar O‘zbekiston bilan suv xo‘jaligi sohasida hamkorligimiz rivojlanayotganidan dalolat, deyish mumkin.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA