Toshkentda o‘tayotgan xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti” mavzusidagi konferensiyada Vengriyaning “Art Work Design Kft” kompaniyasi direktori Andrash Fedoseyev fikrlarini bayon etdi:
– Biz O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish” loyihasini amalga oshiryapmiz. Ushbu loyiha doirasida mamlakatingizdagi jami suv resurslarining monitoringini yurituvchi “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi yaratiladi. Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligida “Vaziyatlar markazi” tashkil etiladi.
Natijada suv resurslari manbadan tortib to iste’molchiga yetib borguniga qadar barcha jarayonda suvning hisobi va hisobotini onlayn yuritish, ma’lumotlarni shakllantirish asosida suvni boshqarish jarayonini tahlil qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA